Yevropa Ittifoqi va Turkiya Belgiyadagi sammitda migratsiya muammosini hal qilishning asosiy tamoyillarini kelishib oldilar. Bu haqda “Twitter”da Yevrokomissiyaning rasmiy vakili Mina Andreeva ma’lum qildi.
“Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker va Yevrokengash raisi Donald Tusk YeI sammitida Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo’g’lu bilan muhojirlar inqirozini birgalikda hal qilishning asosiy tamoyillarini kelishib oldilar”,- deb yozdi Andreeva.
Tuskning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi va Turkiya muhojirlar oqimini qisqartirishga kelishib oldilar. U, shuningdek, qochqinlarning Yevropa Ittifoqiga “bolqon yo’nalishi” bo’yicha kirishi bundan buyon “yopilganini” e’lon qildi. “Yevropaga noqonuniy migratsiya kunlari poyoniga etdi”,- deb qo’shimcha qildi Tusk.
Frantsiya prezidenti Fransua Olland o’z navbatida Turkiyaga migratsiya muammosini hal qilish uchun yana 3 mlrd evro ajratilishi mumkinligini aytdi. U, shuningdek, Anqara Gretsiyaga Turkiyadan kelgan muhojir va qochqinlarni qabul qilishga rozi bo’lganini ma’lum qildi. Ollandning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi shengen kelishuvini saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi.
Germaniya kantsleri Angela Merkel agar Anqara o’zida qochqinlarni qabul qilishga rozi bo’lsa, unda YeI iyundayoq Turkiya bilan viza tartibini yumshatishi mumkinligini aytdi.
7 martda Bryusseldagi muzokaralarda murakkabliklar vujudga kelgani haqidagi ma’lumot paydo bo’lgandi. Muzokaralar davomida Turkiya rahbariyati migratsiya inqirozi bilan bog’liq muammolarni hal qilish uchun Yevropa Ittifoqidan 20 mlrd evro so’ragani ma’lum qilingandi.