Tojikiston respublikasi prezidenti Imomali Rahmonov Xitoy bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirish, xususan tojik askarlarini harbiy mashg’ulotdan o’tkazish hamda xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish istagida ekanligini bildirdi. Xuddi shu maqsadda prezident Rahmonov muzokaralar uchun Tojikistonga kelgan Xitoy xalq ozodlik armiyasi Xitoy bosh shtab boshqarmasining rahbari va Xitoy xalq respublikasi markaziy harbiy qo’imitasining a’zosi Fang Finghuni qabul qildi.
Tojikiston prezidenti matbuot bo’limi tomonidan berilgan bayonotga ko’ra, Rahmonov uchrashuvda ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlardan mamnun ekanligini bildirgan. Rahmonovning ta’kidlashicha, harbiy ta’lim, xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash borasida Xitoy bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlash zaruriy masalalardan biridir.
Taraflar uchun dolzarb bo’lgan masalalar muhokama qilingan uchrashuvda ikki mamlakat o’rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va shu kungacha tomonlar o’rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mavzulari ham ko’rib chiqildi. Tomonlar xususan Tojikistonning Afg’oniston bilan chegarasida xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilik (ya’ni Islomning kuchayishi) tahdidlariga qarshi hamkorlikda kurash olib borish masalasida ham fikr almashishdi.
Fang Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan ham uchrashdi. Mudofaa vazirligidan berilgan bayonotga ko’ra, uchrashuv chog’ida ikki davlat o’rtasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirish va Tojik ofitserlarilariga harbiy ta’lim berish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuvdan so’ng Fang Xitoyning moliyaviy qo’llab-quvvatlashi bilan qurilgan poytaxt Dushanbedagi “Ofitserlar uyi”ga tashrif buyurdi. Xitoy 5 qavatli bino qurish uchun 2012 yilda Tojikistonga 1,5 million dollar grant topshirgan edi. “Ofitserlar uyi”ning tez orada ishga tushishi kutilmoqda.
Ayni paytda, Prezident Rahmonov Xitoyning terrorizm va xavfsizlik masalalari bo’yicha maxsus vakili Ching Gopinni ham qabul qildi. Rahmonov Xitoy davlatini iqtisodiy rivojlanish va xavfsizlik masalalari bo’yicha Tojikistonga yordam qo’lini cho’zgan ishonchli hamkor va yaxshi qo’shni deb ta’rifladi. Uchrashuvda Afg’onistondagi vaziyat, iqtisodiy rivojlanish va taraflarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko’rib chiqildi.