Misrda harbiy to’ntarish yo’li bilan boshqaruvni qo’lga olgan as-Sisi hukumati xalqning boshiga og’ir kunlarni soldi. Bu ham etmaganday, bugunga kelib, Misr Adliya vaziri mansabini egallagan Ahmad Zind Musulmon birodarlar (Ixvonul muslimiyn) a’zolari, qo’llovchilari va tarafdorlarini qirg’in qilishni talab qilmoqda.
“Halok bo’lgan har bir Misr harbiysi uchun 10 ming Musulmon birodarlar a’zosi, qo’llovchilari va tarafdorlari o’ldirilishi kerak”, dedi Misr Adliya vaziri Ahmad Zind Al-Jazira axborot agentligiga bergan intervyusida. Vazir faqat shu yo’l bilan qalbi taskin topishini bildirdi.
Mahalliy televideniyalarning biriga intervyu bergan Ahmad Zind Halok bo’lgan askarlar uchun 100 minglagan kishining qatl qilinishi ham uni tinchlantira olmasligini bildirdi. Chorshanba kechqurun zirhli avtomobilga bomba hujumi uyushtirilishi natijasida to’rt askar halok bo’lganligini tilga olib o’tgan Zind “qurolli kuchlari bu shahidlar uchun o’ch oldi. 40 terrorchi o’ldirildi. Lekin bu men uchun etarli emas”, deya ta’kidladi.
“Musulmon birodarlardan shu darajada nafratlanamanki, halok bo’lgan har bir askar uchun 10 ming Musulmon birodarlar a’zosi, qo’llovchilari va tarafdorlari o’ldirilsagina mening qalbim taskin topadi”, deya qo’shimcha qildi Misr Adliya vaziri.
Zind hokimlar uyushmasining raisi vazifasini bajarib turgan paytlarda Musulmon birodarlar guruhiga mansub bo’lgan Misrning birinchi prezidenti Muhammad Mursiyga qarshiligi bilan tanilgan shaxs edi. 2015 yil may oyida u Misr prezidenti as-Sisi tomonidan Misr Adliya vaziri etib tayinlandi.