«O’zbekneftgaz» xorijiy investorlar o’rtasida tender e’lon qildi

559
0

O’zbekiston hukumati mamlakatdagi bir qancha neft-gaz konlarida geologik qidiruv ishlarini olib borish, tadqiqot yuritish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun tender e’lon qildi.

O’zbekneftgaz milliy xoldingi kompaniyasi tarafidan berilgan bayonotda aytilishicha, tender e’lon qilishdan maqsad mamlakatning Sechanko’l, Oqjar va Chimboy investitsiya bloklarida geologik qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek Urga, Oqchaloq va Chandir konlarida qazish ishlarini jadallashtirishdir. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar taklif qilingan. Ushbu loyihaga qiziqish bildirgan xorijiy kompaniya yoki investorlar shu hafta oxirigacha tanlovda ishtirok etish uchun murojaat qilishlari mumkindir.

Mazkur loyihalar O’zbekneftgaz bilan xorijiy investorlar o’rtasida qo’shma korxonalar tashkil etish yo’li bilan amalga oshiriladi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 700 million dollar bo’lishi kutilmoqda.

Butun mamlakat bo’ylab 200 atrofida neft-gaz maydoni aniqlangan. O’zbekistonda neft va gaz konlarining 100dan ortig’i ayni paytda o’z faoliyatini davom ettirmoqda. 50ga yaqin kon esa foydalanish uchun tayyorlanmoqda. 30dan ortiq joylarda qidiruv ishlari olib borilmoqda. 10ga yaqin neft va gaz konining faoliyati to’xtatib qo’yilgan.

Ayni paytda rus axborot agentliklari Rossiyaning “Gazprom” shirkati 2016 yilda O’zbekistondan tabiiy gaz sotib olishni ko’paytirishi haqida yozmoqda. Xabarlarda aytilishicha, Gazprom shirkati Rossiyaga eksport qilinadigan o’zbek gazi hajmini oshirish bo’yicha o’zbek gazchilari bilan o’tgan oyda kelishuvga erishganlar. Gazprom shirkatining rahbari Aleksey Miller gaz sohasida O’zbekistonni “ishonchli hamkorimiz” deb atadi va kelishuv natijasini yuqori baholashini bildirdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.