Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko’ra, Birlashgan millatlar tashkilotining xavfsizlik Kengashi tarafidan Suriyada o’t ochishni to’xtatish va muzokaralarni boshlash yuzasidan qaror qabul qilindi. Bu qarordan AQSh xursand bo’lgan bo’lsa, Rossiya uchun ma’qul bo’lmadi.
Jurnalistlarga intervyu bergan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur qarordan xushlanmaganligini bildirgan bo’lsa-da, biroq buning ortidan Suriya xalqi o’z kelajagini o’zlari hal qilishi uchun imkoniyat tug’ilganligini qayd etdi. Lavrovga ko’ra, Suriya kelajagi haqida Suriya xalqining o’zlari qaror qilishlari lozim. Bu esa Asadning kelajagini ham o’z ichiga oladi.
“Bugungi erishilganlardan mamnun emasman. Ammo Suriyaliklar o’z mamlakatining kelajagini o’zlari belgilashlari uchun juda muhim qadam tashlandi”, dedi Lavrov.
BMT xavfsizlik Kengashi tarafidan qabul qilingan mazkur qaror Suriya muxolifati va Asad rejimi o’rtasida rasmiy muzokaralarning boshlanishi va 6 oy ichida o’tish hukumatini tashkil qilinishini ham o’z ichiga oladi. Ammo qaror matnida Suriya prezidenti Bashar Asadning qanday rol o’ynashiga oid hech qanday ko’rsatma yo’q.
BMT Xavfsizlik Kengashining Suriya bo’yicha 2254 sonli qaror loyihasida quyidagi moddalar mavjud:
– Yanvar oyi boshidan otashkesim va rasmiy muzokaralar o’tkaziladi.
– IShID va Jabhatun Nusra kabi “Terrorchi”, deb bilingan guruhlar muzokaralarga ishtirok etishga yo’l qo’yilmaydi.
– Bu guruhlarga nisbatan hujum jarayonlari, shu jumladan AQSh va Rossiya boshchiligidagi havo hujumlari ham davom etadi.
– BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun otashkesim qanday joriy qilinishiga oid 18 yanvargacha ma’lumot taqdim etadi.
– Olti oy mobaynida ishonchli, inklyuziv va mazhabparast bo’lmagan hukumat tashkil qilinadi.
– 18 oy mobaynida BMT nazorati ostida erkin va adolatli saylovlar o’tkaziladi.
– Siyosiy o’tish davri Suriya qo’l ostida bo’lishi shart bo’ladi.
G’arb davlatlari Asadning ketishi haqida fikr bildirar ekan, Rossiya va Xitoy esa tinchlik muzokaralarida Asadning iqtidordan ketish kerakligi olg’a surilmasligi kerakligini aytishmoqda. Kerrining ta’kidlashicha, Asad Suriyada o’zining qonuniyligini yo’qotgan. Biroq Asadning darhol mansabdan ketishini talab qilish urushning davom ettirishiga sabab bo’lishi mumkin.