Afg’on milliy politsiyasi tomonidan Afg’onistonning turli mintaqalarida islomiy siyosiy faoliyat olib borayotgan Hizb ut-Tahrir uyushmasining a’zolariga nisbatan qamoqqa olish amaliyotlari uyushtirildi. Qamoqqa olish chog’ida diqqat e’tibor xususan bilimli yoshlarga qaratildi. Afg’onistonga oid mahalliy axborot agentliklari voqelikni atayin buzib ko’rsatib, “Terrorchi guruhlarni harakatga keltiruvchi Hizb ut-Tahrir uyushmasining rahbarlari qo’lga olindi”, deya asossiz yolg’on xabarlar tarqatdi.
Afg’onistonda istiqomat qilib kelayotgan yosh birodarlarimizdan olingan ma’lumotlarga ko’ra, bu amaliyot Afg’oniston bosh ijrochi rahbari Abdulloh Abdullohning Hizb-ut-Tahrir uyushmasiga qarshi bergan bayonotidan so’ng o’tkazilgan. Afg’on milliy politsiyasi amaliyot doirasida qo’lga olingan musulmon yoshlarning soni haqida ma’lumot bermadi. Hizb ut-Tahrir ham mazkur voqea to’g’risida hali rasmiy bayonot chiqarmadi.
Hodisa yuzasidan Afg’onistonning mashhur axborot agentligi “Tolonews” quyidagicha bo’hton xabarlar tarqatdi: “Afg’onistonning Nimroz mintaqasida ekstrimistik g’oyalarni o’z ichiga olgan va yoshlarni jangari guruhlarga targ’ib qiluvchi varaqa va kitoblar chop etgan Hizb ut-Tahrir uyushmasining a’zolari hibsga olindi. Afg’oniston Milliy xavfsizlik bo’limi tarafidan chiqarilgan bayonotda ayrim hujjatlar ham musodara qilinganligi aytilmoqda”.
Bu hodisa Afg’oniston bosh ijrochi rahbari Abdulloh Abdullohning Afg’oniston Vazirlar Kengashining yig’ilishida bergan bayonotidan so’ng yuzaga keldi. Abdulloh Abdulloh o’zining bayonotida Hizb ut-Tahrir uyushmasini “terrorchi tashkilot”, deb atab, faol tarzda yoshlarni jangari guruhlarga qo’shilish uchun rag’batlantirayotganligini da’vo qilgan edi.
“Hizb ut-Tahrir tashkiloti akademik doiralarda, xususan yoshlar orasida faoliyat olib bormoqda. Bu uyushma qurolli guruhlarning norasmiy qanotidir. Yoshlarni terrorchilik faoliyatida ishtirok etishga targ’ib qiladi”, deya tuhmat qildi Abdulla Abdulla.
Abdulla Abdullaga ko’ra, hukumat shu vaqtgacha Hizb ut-Tahrir faoliyatini to’xtatish uchun hech qanday ishga qo’l urmagan, faqat bu uyushma haqida jiddiy tekshiruv olib borgan xolos.