Markaziy Osiyo respublikalari bo’ylab safarini davom ettirayotgan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe 26 oktyabr kuni Bishkekka etib keldi. Bundan avval 23 oktyabr kuni Turkmanistonda, 24 oktyabrda Tojikistonda, 25 oktyabrda esa O’zbekistonda bo’lgan bosh vazir bu davlatlar bilan yirik miqdordagi shartnomalarni imzoladi.
Yaponiya hukumati erishilgan bitimlarda eng katta ulush gaz va neftga boy bo’lgan Turkmaniston hissasiga to’g’ri keldi. Yaponiya bosh vaziri turkman hukumati bilan umumiy qiymati 18 milliard dollarni tashkil etuvchi o’nta hujjat imzoladi.
Sindzo Abe O’zbekistonda bo’lgan vaqtida energetika va transport tizimini modernizatsiya qilish, mineral-xomashyo resurslarini o’zlashtirish va qayta ishlash, avtomobilsozlik, neft-gaz va kimyo sanoati, telekommunikatsiya va boshqa zamonaviy sohalarda 8,5 milliard dollardan ortiq qiymatdagi qo’shma investitsion loyihalarni amalga oshirish bo’yicha kelishuvlarga imzo chekdi.
Qirg’izistonga kelgan Yaponiya bosh vaziri SHindzo Abe gaz va nefti bo’lmasa ham qirg’iz hukumatiga “Manas” xalqaro aeroporti jihozlarini yaxshilash, O’sh-Botken-Isfana avtomabil yo’lini taymirlash va qishloq xo’jaligini rivojlantirish uchun umumiy qiymati120 million dollarni tashkil etuvchi grant ajratadigan bo’ldi.