Putin: AQSh va Isroil bilan mushtarak guruh tuzdik

455
0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyada amalga oshirilayotgan hujumlarda Isroil va AQSh bilan hamkorlik qiladigan mushtarak guruh tashkil qilinganligini ma’lum qildi. Putin bu haqida Rossiyaning 24 kanaliga bergan intervyusida to’xtalib o’tdi.

“AQShlik va isroillik do’stlarimiz bilan birga harakat olib boradigan guruh tashkil qildik. Turk do’stlarimiz bilan ham bog’liqligimiz mavjud. Kutilmagan hodisalar yuzaga kelishining oldini olish uchun AQSh hamkorlikda harakat olib borishni taklif qildi. Bunday paytda hech qanday muloqot bo’lmagandan ko’ra, shu ham bo’lsa yaxshiroqdir”, dedi Rossiya prezidenti.

Suriyadagi havo hujumlari uchun avvaldan tayorgarlik ko’rilganligini bildirgan Putin “Uzoq vaqt mobaynida havodan va kosmosdan izlanish olib bordik. Yetarlicha zaxira va kuchlarni kerakli joyda to’pladik. Bular bir vaqtning o’zida bo’lib qolgan ishlar emas, balki avvaldan tayyorlab qo’yilgan rejalarning amalga oshirilishidir”, deya qo’shimcha qildi.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiyaning hujumlari Suriyada siyosiy echimga erishish maqsadida olib borilmoqda.

“Biz Suriya quruqliklarida olib borilayotgan harbiy amaliyotlarda ishtirok etmaymiz. Bizning vazifamiz Suriyada qonuniy boshqaruvni barqaror holga keltirish va siyosiy echimga erishish uchun shart-sharoitlarni tayyorlashdir”, dedi U.

Putin Suriya aholisining qirg’in qilinishini “siyosiy echimga erishish uchun shart-sharoitlarni tayyorlash”, deb atadi. Markazi Londonda joylashgan “Suriya inson huquqlari” tashkiloti e’lon qilgan hisobotga ko’ra, Rossiyaning hujumlari oqibatida ikki hafta ichida 104 nafar tinch fuqaro halok bo’lgan. Ular orasida ayollar va yosh bolalar ham bor.

Hisobotda aytilishicha, IShIDga qarshi hujum qilish da’vosi bilan Suriyaga kirgan Rossiya shu vaqtgacha 23 marta hujumni amalga oshirgan. Ammo bu hujumlardan 15 tasida Asadga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlar, 5 tasida IShID nazorati ostidagi mintaqalarda yashaydigan tinch aholi va 3 tasida muxolifatga tegishli maydonlar nishonga olingan.

“Rossiya IShIDga hujum qilayotganini har qancha da’vo qilayotgan bo’lsa ham, biroq voqelik buning aksini ko’rsatmoqda. Tinch fuqarolarni bombardimon qilish xalqaro inson huquqlarini buzishdir”, deyiladi hisobotda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.