
بسـم الله الرحمن الرحيم
QULLARGA BUYRUQ KERAK – HURLARGA FIKR
Qul – erki va ixtiyori o’z qo’lida bo’lmagan inson. U xoh fikrlarida bo’lsin, xoh qilayotgan ishlarida bo’lsin erkin emas. Balki har bir narsada o’z hojasiga bo’ysunadi. Uning buyruqlarini hech ikkilanmay amalga oshiradi. E’tiroz bildirishga, maslahatlashishga yoki o’z rayini bildirishga hech qanday haqqi yo’q. Uni harakatga keltirish uchun yoki yo’nalishini o’zgartirish uchun unga hojasi tomonidan buyruq berilishi kerak.
Hur esa, uning aksi bo’lib, hech bir narsada boshqa birovga qaram emas, balki aytayotgan so’zlarida ham, qilayotgan ishlarida ham to’laqonli ixtiyorli. Har bir so’zni aytganda o’z fikridan kelib chiqib aytadi va har bir ishni qilayotganda ham o’zining to’la ixtiyori asosida amalga oshiradi. U har bir voqe’likka nisbatan shaxsiy fikriga va tushunchasiga ega. U tushunmay qolgan o’rindagina harakatdan yoki o’z rayini bildirishdan to’htab qoladi. Uni harakatga keltirish uchun yoki hatosini to’g’rilash uchun unga tushuntirish va to’g’ri fikrni berishning o’zi etarli.
Inson o’z voqe’lik hayotiga ko’nikib qolganligining natijasida o’z holiga to’g’ri kelmaydigan ishlarni qilib qo’yishi odatiy hol. Masalan; bir inson hurlikdan qullikka aylanganda, eski davridek, hurlarcha, o’z fikrini aytishga yoki hojasining rayiga qarshi chiqib, e’tiroz bildirishga ketib qoladi. Buni hojasi asta sekin tarbiyalab, o’ziga bo’ysundirib oladi. Shuningdek, qullik hayotida uzoq muddat yashagan insonga hurriyat berilsa, u ham qullardek, o’z fikrini bildira olmaydi, o’zicha biror ishni qilib yuborishdan qo’rqadi. Chunki u gapirgan so’zlarida ham, qilgan ishlarida ham mas’uliyatni olmagan, balki hojasining topshiriqlarini bajarishga odatlangan. Unda qilgan ishidan ham, aytgan so’zidan ham mus’ul bo’lmagan. U o’z odatiga ko’ra mas’uliyatdan qochadi.
70 yillik kommunistlar rahbarligida bizlar ham qullardek muomilaga ko’nikib qolib, nima qilish, qanday qilish kerakligini, hatto aytadigan so’zimizgacha Moskvadan so’rashga majburlangan siyosat natijasida o’z rayimizni ham ayta olmaydigan bo’lib qoldikmi? 25 yil muqaddam “sizlar o’z hollaringcha, mustaqil yashanglar” deb bergan buyrug’idan keyin ham biz na tashqi siyosatda va na ichki siyosatda o’zimizdan kelib chiqib ish qilolmaydigan qullarga aylanib qolganmizmi? Nega har bir ishimizni yo Rossiyadan, yo boshqalardan ruhsat olib qilamiz? Har bir gapimizni ham ularning xohish-istaklariga moslashtirib gapiramiz? O’z rayimizni, e’tiqodimizni aytish qachongacha jinoyat hisoblanadi? Qachongacha ichki va tashqi siyosatimizni boshqalar belgilab beradi?
Tarixda shu kabi bir ish sodir bo’lgan: AQShning 16-chi prezidenti Avraam Linkoln(1861-1865) qullarni ozod qilganda ko’pchilik qullar hurlikdan yana qul qilishini talab qilib hojalariga kelganlar. Chunki ular, faqat qullarcha yashashni tushunishar, hurlik hayotini bilishmas edi. Islom esa, kelgan ilk davrlarda, qullarga hurlardek muomila qilishga qattiq ahamiyat bergan. O’z doirasida ularga ham haq-huquqlar belgilagan. Ya’ni ularni har bir ishning mas’uliyatini olishga qodir qilish bilan bir qatorda qullikni yo’q qilishga olib boradigan qonunlarni chiqargan.(tafsiloti uchun “islomiy shaxsiya” ikkinchi kitobining 2 qismidagi “Islomning qullikka va qul qilishga bo’lgan munosabati”ga qarang).
Alloh Taolo dedi: «…qo’llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz!».[3:36] Payg’ambarimiz (s.a.v) bunday dedilar: «Qo’lingiz ostidagi qullaringiz borasida Allohdan taqvo qilinglar. Ular birodarlaringizdir. Alloh ularni qo’l ostingizda qilib qo’ydi. Ularga o’zingiz eydigan narsalardan ediringlar, o’zingiz kiyadigan liboslardan kiydiringlar, ularga kuchlari etmaydigan narsani buyurmanglar, agar buyursangizlar o’zingiz ham yordam beringlar». Muslim rivoyati. Abu Hurayraning shunday degani ham rivoyat qilingan: Payg’ambar u dedilar: «Birontangiz hargiz mening qulim va mening cho’rim demasin. Hammangiz Allohning qulisiz va hamma ayollaringiz Allohning cho’rilaridir. Lekin mening g’ulomim, joriyam, o’g’lim va qizim deb aytsin».
Darhaqiqat shariat qul darajasini yuksakka ko’tardi va uni ozod insondek qilib qo’ydi. Zero shariat qulning qonini daxlsiz qilib qo’ydi. Shuning uchun agar ozod odam uni o’ldiradigan bo’lsa o’zi ham o’ldiriladi. Chunki Alloh Taolo bunday dedi: «Ey mo’minlar, sizlarga o’ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi». [2:178]
Qasos – qanday ziyon etkazilsa shunday o’ch olish va jinoyatchini jazolashdir. Qasos so’zi jinoyatga beriladigan jazoga nisbatan va jinoyatchi nima qilgan bo’lsa, unga ham shunday jazo berishga nisbatan qo’llaniladi. «Sizlarga o’ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi», degan gapning ma’nosi o’ldirish jinoyatining jazosi sifatida qotilni o’ldirish sizlarga farz qilindi demakdir. Bu hukm umumiy bo’lib, erkak, ayol, ozod va qulni o’z ichiga oladi. Buni Ibn Moja Ibn Abbos orqali rivoyat qilgan Payg’ambarimiz(s.a.v)ning ushbu so’zlari quvvatlaydi: «Musulmonlarning qonlari o’zaro tengdir». Shuning uchun bu hukm umumiydir. Demak qon daxlsizligi borasida ozod odam bilan qul tengdir. Qulni o’ldirish harom bo’lib, uni o’ldirgan qotil kim bo’lmasin o’ldiriladi. Shunga asoslanib ayta olamizki Islom qulning joni bilan ozod odamning jonini teng qilib qo’ydi, qulning qonini ozod odamning qoni kabi daxlsiz qilib qo’ydi. Payg’ambarimiz(s.a.v) dedilar: «Kim qulini o’ldirsa uning o’zini ham o’ldiramiz». Abu Dovud rivoyati.
Bizning ustimizdan o’z hukmini majburlab o’rnatib kelayotgan siyosatda, loaqal, Islomda qullarga qilinadigandek muomila ham qilinmaydi. Zo’r doimo begunoh, zaif esa, xohlangan vaqtda jinoyatchi?! Hatto bu siyosatga qarshi o’z fikrini, e’tirozini bildirgan inson terrorizm yoki ekstremizmda ayiblanib, jinoyatchiga aylanadi. Masalan: “demokratiya hayot va davlat asosi”, “din siyosatdan ajratilishi kerak”, “chegaralarimizni himoya qilmasak dushmanlar hayotimizni izdan chiqaradi” yoki “«mo”tadil Islom»dan boshqasi g’oyriqonuniy” kabilar asli yo’q asossiz cho’pchaklar bo’lib, hayotimizni qiyinlashtirayotgan va oxiratimizni vayron qilayotgan ahmaqona fikrlar yoki mustamlakachi kofirlarning manfaatlari asosidagi bizlarni qullikda davom ettirish uchun zo’rlab, hukmron qilayotgan “fikrlar”dir. Bularni qachon oshkora qilamiz?! Yo ularni xam Rossiya: «biz kapitalizmdan ham voz kechdik, eng to’g’risi Islom ekan. Demokratiyani uloqtirib tashlab, Islomni qilinglar» – deb buyruq bergunlarigacha o’zimizni o’zimiz aldab, xalqning aytgani bo’layapdi, xalq saylagan “deputatlar” va “rahbarlar” xayotimizni boshqaryapdi deb vaqtdan boy beramizmi?! O’zingni hur inson deb bilsang o’z fikringni oshkora ayt: sen “xozirgi xayot imkon qadar to’g’ri asosda va haqqoniy bo’lyapti”- deb ishonasanmi? Hayotimiz uchun to’g’ri asos va to’g’ri programmani bilasanmi yo senga ham “buyruq” kerakmi?
Abu Zohid.