10 sentyabr kuni bo’lib o’tgan Mudofaa kengashi yig’ilishida Qirg’izistonda terrorizm va ekstremizm xavfi oshib borayotgani alohida belgilab o’tildi.
Xabar qilinishicha, yig’ilishda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muxokama qilindi. MXDQ raisi o’rinbosari Rustam Mamasadiqovning so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonda davlat, jamiyat va shaxsga nisbatan terrorizm va ekstremizm tahdidi ortib bormoqda. U bunday jinoyatlarni aniqlash va oldini olish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashni faollashtirishda MXDQ ko’rayotgan chora-tadbirlarga to’xtalib o’tdi.
Rustam Mamasadiqovga ko’ra, ishlar Yaqin Sharqda vujudga kelgan vaziyat hamda Markaziy Osiyo va Afg’onistonda bir qator terrorchi va ekstremist tashkilotlar faollashganini hisobga olib amalga oshirilmoqda.
Yig’ilishda ishtirok etgan prezident Almazbek Atambaevning qayd qilishicha, so’nggi yillarda hukumat terrorizm va ekstremizm, fuqarolarni radikal tashkilotlar safiga jalb qilishni oldini olish uchun diniy siyosatga alohida e’tibor qaratmoqda.
Prezidentning fikricha, kompleks chora-tadbirlar zarur va barcha hukumat idoralari bu tahdidlarga qarshi hamkorlikda kurashishlari kerak.
Yig’ilish yakunida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash samaradorligini oshirish uchun me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o’zgartirish kiritish to’g’risida qaror qabul qilindi. Hukumatga esa, bunday jinoyatlarga qarshi kurashda huquqni muxofaza qilish organlari samaradorligini oshirish va davlat boshqaruv idoralari samarali ishlashini ta’minlash uchun mablag’ izlab topish vazifasi yuklatildi.