Eron va BMTning doimiy besh a’zosi AQSh, Rossiya, Xitoy, Angliya, Frantsiya hamda Germaniya (5+1) o’rtasida erishilgan yadroviy bitim ortidan Eronga nisbatan joriy qilingan cheklovlar olib tashlana boshladi. Bu esa Islom o’lkalaridagi boyliklarni qoqi bahosida olib chiqib ketishga odatlanib qolgan G’arb shirkatlarining Eron boyliklariga ham ko’z olaytirishiga sabab bo’lmoqda.
Ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko’ra, Yevropa ittifoqi tarkibidagi iqtisodi rivojlangan davlatlar, xususan Germaniya, Frantsiya, Angliya va Italiya davlatlari Eronga nisbatan joriy qilingan sanktsiyalar olib tashlanishi ortidan u bilan o’zaro aloqalarini quchaytirishga kirishib, sarmoya yotqizishga oshiqishmoqda.
O’tgan oy Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif ishtirokida yadroviy bitim imzolanganidan so’ng G’arb shirkatlarining sarmoyalari Eronga qarab oqishi tahlil qilingan edi. Darhaqiqat kutilganidek, g’arb shirkatlari darhol harakatga kela boshladi. Ular Eronning energetika va ma’danchilik sektorlariga sarmoya yotqizishi kutilmoqda.
Hozirdanoq “BP”, “Shell”, “Eni”, “OMV” va “Total” kabi xalqaro shirkatlar Eron bilan aloqa o’rnatishni boshladi. Ularning birlamchi rejasi elketr, neft va tabiiy gaz sohalarini kengaytirish hamda Energetika sektorlarida yangi elektrostantsiyalar va elektr uzatish liniyalarini barpo qilishdan iboratdir.