Iroq va Afg’onistonni bosib olishga ishtirok etgan minglagan sobiq askarlar uy-joysiz AQSh ko’chalarida yashashga majbur bo’lmoqda. Ular jangda olgan jarohati va ruhiy kasallikka chalinganligi tufayli shu ahvolga tushgani aytilmoqda. Amalga oshirilgan bir qancha yordam ko’rsatish va vaziyatni yaxshilash dasturlariga qaramay, ko’chada qolgan uysizlarning soni AQSh shtatlarining bir qanchasida kundan kunga ortib borayotgani kuzatilyapti. Uysiz ko’chada qolgan bolalarning va xalqaro harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan uysiz jangchilarning soni ortib borishi xavotirlarga sabab bo’lmoqda.
AQSh uy-joy qurilish va taraqqiyot departamenti “Vanderbilt” universiteti bilan hamkorlikda e’lon qilgan eng oxirgi hisobotda keltirilishicha, sanoati taraqqiy etgan davlatlar orasida uy-joysiz ko’chada qolgan ayollar va bolalarning katta qismi AQShga to’g’ri keladi. Manxetten shahrida joylashgan “Bowery Mission” tashkiloti uy-joysiz ko’chada qolganlarni ma’lum miqdor oziq ovqat va dori darmon bilan ta’minlab turadi. Tashkilot rahbari Julian Padarat OAV jurnalistlariga bergan bayonotida aytishicha Amerikada uy-joysiz ko’chada qolganlar orasida professorlar, hatto dunyoga mashhur “Garvard” universitetini bitirgan talabalar ham mavjud.
Eng e’tiborli jihati shundaki, AQSh ko’chalarida uy-joysiz sarson-sargardon bo’lib yurganlarning ko’pchiligi Afg’oniston va Iroqda AQShning manfaati uchun jang olib borgan harbiylardan iboratdir. Ularning aksariyati jismonan sog’lom bo’lsa ham ruhiy xastalikka chalingan. Askarlar masalalari bilan shug’ullanuvchi “Department of Veterans Affairs” vazirligi jangchilarning muammosini hal qilish uchun tinimsiz harakat olib borishiga qaramay, ko’chada qolgan harbiylar sonini kamaytirishga muvaffaq bo’la olmayapti. Vazirlikning eng oxirgi hisobotida aytilishicha, AQShda 60 minga yaqin sobiq jangchi noto’g’ri tuzilgan loyiha tufayli shifoxona eshigida navbat kutishga majbur.