“Bi-bi-si” radiosining xabar qilishicha, Tojikistonda faoliyati to’xtatilgan masjid binolari madaniy markazlar, bolalar bog’chalari, mahalla qo’mitalari, choyxonalar uchun foydalanishga topshirilmoqda.
Shimoliy Tojikistonda ma’lum muddat eshiklari berkitilgan 100 tadan ortiq masjidning qayta faoliyat yuritishiga ijozat berilmagan. Sug’d viloyati hukumati qoshidagi din, an’ana va marosimlarni muvofiqlashtirish qo’mitasiga ko’ra bu masjidlar binolari uchun vaqtida zarur hujjatlar tayyorlanmagan. Bu binolardan masjid sifatida foydalanish uchun Yer qo’mitasi ijozati olinmagan, diniy muassasa sifatida ro’yxatdan o’tilmagan.
Hozirda faoliyati to’xtatilgan masjid binolari madaniy markazlar, shifokorlik nuqtalari, bolalar bog’chalari, mahalla qo’mitalari idoralari, choyxonalar uchun foydalanishga topshirilmoqda. Kamida yuz yillik tarixga ega masjidlar binolari madaniy-dam olish yodgorliklari sifatida asraladi.
Birgina G’afurov tumanidagi Isfisor jamoatida to’rtta masjid faoliyatiga ijozat berilmagan. Bu masjid binolarining choyxona va mahalla qo’mitalari idoralari uchun berilishi viloyatdagi hukumat televideniesida ko’rsatilgan. Bu ko’rsatuvda mahalliy aholi nomidan chiqish qilgan kishilar masjid o’rnida choyxonalarning bo’lishi o’zlari uchun qulaylik tug’dirganini, endi choyxonada choyxo’rlik qilib, chaqchaqlashib o’tirishlarini aytishgan.
Turkiston:
Markaziy Osiyoda joylashgan respublikalar prezidentlari go’yoki Islom va musulmonlarga qarshi kurashda kimo’zarga poyga o’ynayotgandek harakat qilishmoqda. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham bu poygada ortda qolmaslik hamda xojalari oldida yuzi shuvut bo’lmaslik maqsadida kundan-kunga Islom va musulmonlarga qarshi kurashini kuchaytirib bormoqda.
Huddi O’zbekistonda bo’lgani kabi Imomali Rahmon ham avvaliga oliy o’quv yurtlari va maktablarda o’quvchi qizlarni ro’mollariga osilgan bo’lsa, keyinchalik oq do’ppi va saqolga qarshi kurashni boshladi. Bu maqsadiga ham erishgach 18 yoshga to’lmagan bolalarning namoz o’qish uchun masjidga borishlari to’siq qo’yib, ishxonalarda va jamoatchilik joylarida namoz o’qishni taqiqladi, bunga amal qilmaganlar esa jarimaga tortila boshlandi. Shundan so’ng, ko’cha-kuyda va jamoat joylarida xijob va ro’molda yurgan muslima onalarimiz va opa-singillarimizning boshlaridn ro’mollari, egnilaridan hijoblari majburan echtirila boshlandi, hijoblar bilan savdo qiluvchi savdo shahobchalari ham tekshiruv ostiga olindi va turli xid bahonlar bilan faoliyatlariga chek qo’yildi. Oxir oqibat Imomali Rahmon ayollarni hijob kiymaslikka oshkora da’vat qilib, hatto islomiy ismlarga qarshi kampaniyani boshlab yubordi.
Azizlikni Allohdan emas, aksincha maxluq xuzuridan qidirayotgan Imomali Rahmon ham huddi Firavn va zolim o’tmishdoshlari kabi yaqin kelajakda qanday oqibat sari ketayotganini anglab etadi.
وَسَيَعْلَمُ الَّذِينَ ظَلَمُوا أَيَّ مُنقَلَبٍ يَنقَلِبُونَ
“Zolim kimsalar yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganini bilib olishadi” [Shuaro 227]