Qirg’iziston respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo’mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Bishkekda 16 iyun kuni kechqurun shahar markazida o’tkazilgan maxsus amaliyot paytida 6 odam o’ldirilgan va 5 kishi qo’lga olingan.
MXDQ xabariga ko’ra, ular 17 iyul kuni Bishkek bosh maydonida o’qiladigan hayit namozi paytida portlashlarni sodir etishni rejalashtirishgan.
Bishkek markazidagi Panfilov va Gorkiy ko’chalari kesishgan joyda maxsus amaliyot mahalliy vaqt bilan soat 19 da boshlanib, 21.30gacha davom etdi. Amaliyotda yuzdan ortiq maxsus xizmat xodimlari ishtirok etgan. Bu erdagi otishma paytida 4 kishi o’ldirilgan, maxsus xizmatlarning 4 xodimi yaralangan. Jangarilar yashiringan uyda yong’in sodir bo’lib, unga tutash bo’lgan bir nechta uylarga zarar etgan.
Yana ikki kishi Bishkekdan 15 kilometrcha uzoqlikdagi GES-5 kichik tumanida olib borilgan maxsus amaliyot paytida yo’q qilingan.
Maxsus amaliyot paytida o’ldirilganlardan biri yaqinda Bishkekdagi qamoqxonadan qochgan Qozog’iston fuqarosi, 27 yoshli Janbo’lo’t Amirov ekani xabar qilindi. U 25 iyun kuni yana bir qozog’istonlik, 24 yoshli Albert Abxin Satibaldi o’g’li bilan qamoqdan qochgan edi. Satibaldi o’g’li 26 iyun kuni qo’lga olish jarayonida o’zini granata bilan portlatib yuborgan. Janbo’lo’t Amirov esa yashirinishga muvaffaq bo’lgan edi.
24.kg saytining xavfsizlik qo’mitasidagi manbaga tayanib xabar qilishicha, qo’lga olingan va yo’q qilinganlar “Islomiy Davlat” guruhining a’zolari bo’lganlar.
Xodisa guvohlarining so’zlariga ko’ra, amaliyot boshlanishidan oldin maxsus xizmat xodimlari jangarilar yashirinib olgan uyga tutash bo’lgan tikuvchilik tsexidagi barcha kuzatish kameralarini yig’ishtirib olishgan va butun kvartalga elektr toki etkazib berilishi to’xtatilgan. Barchaga qo’shnilarga ko’cha chiqmaslik va hatto derazadan qaramaslik tayinlangan.