Avstriya poytaxti Vena shahrida uzoq davom etgan muzokaralardan so’ng Eron va “oltitalik” davlatlari (AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy va Rossiya) Tehron yadroviy dasturi bo’yicha kelishuvga erishdi. Unga ko’ra, Eron o’z yadroviy dasturini unga nisbatan qo’llanilgan sanktsiyalarning bekor qilinishi evaziga to’xtatadi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Yevropa Ittifoqining Eronga nisbatan joriy qilgan sanktsiyalari birdaniga, AQShning fuqarolik aviatsiyasi hamda boshqa bir qator sohalarda kiritgan sanktsiyalari ham bekor qilinadi. Tehronga nisbatan joriy qilingan qurol-yarog’ embargosi esa so’nggi besh yil davomida o’z kuchini yo’qotadi.
O’z navbatida, Eron kelgusi 15 yil davomida uranni boyitishni 3,67 foizdan oshirmasligi kerak. Shartnoma shartlariga ko’ra, Eron xalqaro atom energiyasi bo’yicha agentlik vakillarini o’z yadroviy ob’ektlarini tekshirishga ruxsat berdi. Ammo tekshiruvchilar istagan paytda istagan joyda paydo bo’lib qolish huquqiga ega emas.
Kelishuv bilan bir vaqtning o’zida BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi loyihasi ham tasdiqlangan.
Eron boyitilgan uran zaxirasini 10 tonnadan 300 kilogrammgacha kamaytiradi. Boyitilgan uranni Rossiya o’z hududiga olib chiqib ketadi. Erondagi qator yadroviy ob’ektlar o’z faoliyat yo’nalishini o’zgartiradi yoki faoliyatini to’xtatadi.