Rossiya AQSh uchun tahdid emas

459
0

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiyani Amerika milliy xavfsizligi uchun tahdid sifatida ko’rmaydi. Bu haqida AQSh tashqi ishlar vazirligining so’zchisi Mark Toner kunlik matbuot brifingida ma’lum qildi.

Kuni-kecha AQSh prezidenti Barak Obama tarafidan davlat bosh shtab boshqarmasi rahbarligiga nomzod qilib ko’rsatilgan general Jozef Danford Rossiyaning Amerika milliy xavfsizligi uchun katta tahdid ekanligini olg’a surgan edi. Brifing chog’ida Mark Tonerdan bu haqida so’ralganda, u Jon Kerri bu borada Jozef Danford bilan hamfikr emasligini bildirdi.

“Ochiqchasiga aytadigan bo’lsak, davlat kotibi Kerri Rossiyani ham, Xitoyni ham AQSh xavfsizligiga tahdid sifatida ko’rmaydi”, dedi so’zchi Mark Toner.

Toner AQSh bilan Rossiya o’rtasida ba’zi masalalarda ziddiyat mavjud bo’lishiga qaramay, bu ikki davlat muhim masalalar ustida hamkorlik qilayotganiga diqqatni jalb qildi. So’zchining ta’kidlashicha, Kerri asosiy tahdid Islomchilardan deb biladi.

“Mintaqada yuz berayotgan hodisalar tufayli Rossiya bilan AQSh o’rtasida qat’iy kelishmovchiliklar mavjud. Ammo biz bunga tahdid sifatida qaramaymiz”, dedi u.

AQSh bosh shtab rahbarligiga nomzodi ko’rsatilgan general Jozef Danford o’tgan kuni qurolli kuchlar qo’mitasining yig’ilishida Rossiyani AQSh xavfsizligi uchun tahdid sifatida baholagan edi.

“Agar AQShning xavfsizligiga tahdid tug’diradigan davlat haqida bahs yuritadigan bo’lsak, men sizga Rossiyani ko’rsatishim mumkin. Rossiyaga bir e’tibor bersangiz, uning harakatlari faqat tashvish uyg’otishdan boshqa narsa emasligiga guvoh bo’lasiz”, degan edi Jozef Danford.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.