Qirg’izistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish bo’yicha erishilgan kelishimlarni qirg’iz hukumati va parlamenti o’tgan haftada ratifikatsiya qilganidan so’ng, prezident Almazbek Atambaev ham mazkur qonun loyihasini imzoladi. Endilikda Qirg’izistonni ittifoqqa to’laqonli a’zo bo’lishi uchun ittifaqqa a’zo davlatlar parlamentlari ham qonun loyihasini qabul qilishlari kerak bo’ladi. Xabarlarga ko’ra, bu jarayon bir necha oyga cho’zilishi va yozning oxirlariga borib chegaralar ochilishi mumkin.
Tabiiyki, Qirg’iziston YeOIIga a’zo bo’lganidan va chegaralar ochilganidan so’ng xohlasak ham, xohlamasak ham narx-navo ittifoqqa a’zo bo’lgan qolgan davlatlardagi narxlar bilan bir xil darajada bo’lmasada, imkon qadar yaqinlashishi aniq. Shunday ekan Qirg’iziston xalqi Rossiya yoki Qozog’istondagi ish haqidan kelib chiqqan holda belgilangan narx-navoga moslashishga qodirmi? Buni o’zingiz taqqoslab ko’ring.
MDH davlatlararo statistik qo’mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududi bo’yicha eng yuqori ish haqi Qozog’istonda qayd qilindi. Mamlakatda o’rtacha ish haqi 132.5 ming tanga yoki 713 dollarni tashkil qiladi. Rossiyada bu ko’rsatkich 31.3 ming rubl yoki 629 dollarga teng.
Shuningdek, Qirg’izistonda o’rtacha oylik ish haqi 11 703 som/200 dollarga, Armanistonda 173.5 ming dram/363 dollarga, Belarusda esa 6.5 mln rubl/453 dollarga teng.
Oylik nafaqa to’lovlari bo’yicha ham Qozog’iston birinchi o’rinda turibdi. O’rtacha nafaqa miqdori bu erda 50 549 tanga yoki 272 dollarni tashkil qiladi. Qirg’iziston bu ko’rsatkich bo’yicha ham oxirgi o’rinda – 4.6 ming som (78 dollar).
Ishsizlikning eng past darajasi bo’yicha ham Qozog’iston ittifoqqa a’zo davlatlar ichida birinchilikni egallab turipti. Qozog’istondagi iqtisodiy faol aholining 0.6 foizi yoki 56.1 ming kishi ishsiz ekan. Undan keyingi o’rinda Belarus (0.9 foiz yoki 39 ming) va Rossiya (1.3 foiz yoki 1 mln) egalladi.
Shuningdek, Qirg’izistonda ishsizlar soni 59.3 ming kishiga, Armanistonda esa 73 ming kishiga tengligi aytib o’tildi.