Erdogan Eronga safar qildi

693
0

Bir kunlik rasmiy safar bilan Eronga yo’l olgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoganni Eron prezidenti Hasan Ruhoniy harbiy marosim bilan kutib oldi.

Erdoganning rasmiy mashinasi “Sa’dobod” saroyiga kirib borar ekan, unga otliq harbiylar peshvoz chiqishdi. Otliq askarlar hamrohligida saroyga kirgan Erdoganni harbiy marosim maydonida Ruhoniy kutib oldi. Ikki rahbar quchoqlashib ko’rishgach, Erdogan va Ruhoniyning bir muddat qo’l ushlashib yurishi diqqatni o’ziga jalb qildi.

Turkiya prezidentligining so’zchisi Ibrohim Qalin uchrashuv chog’ida ikki taraf uchun ham muhim sanalgan Suriya, Iroq, Yaman hamda O’rta sharqda yuz berayotgan hodisalar muhokama qilinganligini ma’lum qildi.

Ma’lumki, Saudiya boshchiligida Ko’rfaz davlatlari Yamanga havodan hujum boshlagan. Hujumda Eron tarafidan dastaklanib kelinayotgan Husiylar nishonga olinmoqda. Turkiya bu borada Saudiya Arabistonini dastaklashini ochiqladi. Yamanga havo hujumi boshlanganidan bir kun o’tib prezident Erdogan Eron hukumatiga qarata “Eron deyarli butun mintaqaga hukmronlik qilish uchun harakat qilmoqda. Bu esa bizni va Ko’rfaz davlatlarini tinchsizlantira boshladi. Haqiqatdan ham bunga jim qarab turish mumkin emas”, degan edi.

Turkiyaning bu bayonotiga Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif biroz yumshoqroq javob qaytarib “Mavjud holatda barcha davlatlar mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun harakat qilishdari lozim”, dedi. Ammo Eron tashqi ishlar vazirligi esa Turkiyaning Tehrondagi vakilini chaqirib nota topshirdi. Milliy xavfsizlik va tashqi ishlar qo’mitasining rahbari Mansur Haqiqatpur ham Erdoganning Eronga safarini bekor qilinishini talab qildi.

Ammo Erdoganning “Eronga borish yoki bormasligimizni biz belgilaymiz”, deganidek safar amalga oshirildi. Safar asnosida Eron va Turkiya o’rtasida energiya, sog’lik tizimi va madaniyat sohalari kabi 8ta bitimga imzo chekildi.

Taraflar o’rtasidagi uchrashuvlar tamomiga etgach, ikki rahbar ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjumanda Suriya va Iroq haqida urg’u berib so’z yuritgan Erdogan Yamanni tilga olmadi. Ammo Trkiya prezidentligi manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko’ra, Erdogan va Ruhoniy o’rtasida Yaman masalasi to’laligicha batafsil muhokama qilingan. Eron prezidenti Ruhoniy ham Yaman masalasi haqida batafsil muhokama olib borilganligini bildirdi.

Shuni aytib o’tish lozimki, prezident Erdogan Eronga safar qilishidan oldin Saudiya ichki ishlar vaziri va valiahd vakili shaxzoda Naif bilan uchrashuv o’tkazdi. Rasmiy safar bilan Anqaraga kelgan shaxzoda Naif va Erdogan o’rtasida kechgan suhbat 1 soat 40 daqiqa davom etdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.