“CA-NEWS” nashrining xabar qilishicha, 50 ming atrofidagi tojik harbiylari va ko’ngillilari Tojikistonning Afg’oniston bilan chegarasi hududida harbiy tayyorgarlik yig’inida qatnashmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
Vazirlik chegarada jangarilar bilan urush boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ma’lum qilinishicha, o’quv mashg’ulotlari Xatlon viloyati hududida 10 mart kuni boshlangan bo’lib, 14 mart kunigacha davom etadi. Ushbu jarayonga harbiy samolyotlar va quruqlikdagi harbiy texnikalar jalb qilingan.
Mashg’ulotlar “dushmanni o’rab olish va yo’q qilish” stsenariysi bo’yicha olib borilmoqda.
Shuningdek, hukumat tomonidan chegara hududidagi aholini harbiy holatga tayyorlash bo’yicha ishlar olib borilmoqda.
Turkiston:
Avvalroq, Qirg’iziston qurolli kuchlari 11-25 mart kunlari qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazishi xabar qilingan bo’lsa, bugunga kelib Tojikiston hukumati ham Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda ko’p ming kishilik harbiy mashg’ulotlarini boshlab yuborgani va aholini ham harbiy holatga tayyorlayotgani ma’lum bo’ldi.
Bu ishlarning barchasi AQSh va Rossiya tomonidan ilgari surilayotgan “islomiy tahdid” vahimalari o’z natijasini berayotganidan darak berib turipti. Ammo buni achinarli jihati shundaki, Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari bundan Islom va musulmonlarga qarshi kurashni kuchaytirishda foydalanib, shu orqali o’z hokimiyatlarini yanada mustahkamlash yo’lida foydalanib qolmoqchi bo’lishyapti. Bundan tashqari iqtisodi ko’tarishi yoki ko’tarmasligiga qaramay Rossiyadan harbiy texnika va qurol-yaroq sotib olish orqali xalqni qarz botqog’iga botirib tashlashmoqda. Ma’lumki, Rossiya Qirg’iziston bilan 1 milliard 100 million dollarlik, Tojikiston bilan 400 million dollarlik qurol va harbiy texnikalar etkazib berish bo’yicha shartnoma imzolagan va allaqachon bu narsalarni etkazib berishni boshlab yuborgan edi.