Keyingi paytlarda Yevropa davlatlari orasida Islomofobiya yana qayta jonlangani kuzatilmoqda. Germaniyaning Dresden shahrida yuzaga kelgan “G’arbning Islomiylashuviga qarshi vatanparvar evropaliklar” nomli yangi jamoiy harakat o’tgan oyda o’zining namoyishlarini 200 kishi bilan boshlagan edi. Bu harakat tarafidan 22 dekabr kuni tashkil qilingan namoyishda esa 17 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular har dushanba kuni namoyishlarini davom ettirishi aytilmoqda.
Germaniyada tarqatiladigan xabarlar ustida o’tkazilgan tadqiqotdan shu narsa ma’lum bo’ldiki, Germaniyaning mashhur axborot agentliklari o’tgan yilda Xristian diniga oid katolik va protestant oqimlari haqida tarqatgan xabarlarga qaraganda musulmonlar haqida juda ko’p xabar tarqatgan. Ammo musulmonlar haqidagi xabarlarning deyarli hammasi salbiy ma’noda tarqatilgan. O’tgan hafta jamoatchilikka namoyish qilingan “Media Tenor” nomli tashkilot tarafidan tayyorlangan tadqiqotga “e’tiborning eng past nuqtasi” nomi berildi. G’arbda musulmonlar darajasining bunday holga tushishiga IShID tashkiloti sabab qilib ko’rsatilmoqda.
Germaniya matbuotida Islom haqida xabar tarqatiladigan bo’lsa birinchi o’rinda terror, urush, xalqlar aro nizo qo’zg’ash tilga olinadi. “Media Tenor” tashkilotining siyosiy tadqiqotlar etakchisi Kristian Kolmer IShID sababli Islomning nomi dahshatli holatga tushganligini olg’a suradi. Kolmerning ta’kidlashicha, IShID sababli Islom va musulmonlar jamoatchilik ko’z o’ngida yomonlik timsoliga aylanib bormoqda.
G’arb davlatlarida islomofobiya ortgani sari musulmonlar va ular ibodat qiladigan masjidlar ham tez-tez hujumga uchrayapti. Shvetsiya politsiyasi xabar tarqatishicha, Eskilstuna shahrida masjid sifatida foydalanib kelingan binoga aynan ibodat paytida atayin o’t qo’yilgan. Masjid ichkarisida namoz o’qiyotgan kishilardan bir qanchasi yong’indan jarohat olib shifoxonaga yotqizildi. Politsiya so’zchisining aytishicha, hodisa ustidan “atayin o’t qo’yish” sifatida tergov ishlari boshlangan, biroq hozircha hech kim aybdor sifatida qo’lga olinmagan.