Ey, saroy ulamolari Allohning diniga qarshi borishga qachongacha jur’at qilasizlar?

692
0

O’zining asosiy vazifasi mustabid Karimov rejimini qo’llab-quvvatlash hamda rozilikni Allohdan emas, balki Karimov xuzuridan istayotgan O’zbekiston musulmonlari diniy idorasi yana bir bor Allohning diniga qarshi borishga jur’at qildi.

Diniy idora rasmiy saytida 26 dekabr kuni chop etilgan va o’sha kungi aksar Jom’e masjidlarda imomlar orqali musulmonlarga o’qib eshittirilgan fatvo orqali musulmonlarga “yangi yilni kutib olish va bayram qilish”ni halol qilib berdi.

Uzundan-uzun fatvo matnida jumladan, “Lekin xalqimiz ichida “Yangi yilni, ya’ni 1-yanvar kunini kutib olish, bayram qilish, bir-birini tabrik qilish musulmonchilikka to’g’ri kelmaydi, u xristianlarning bayrami kabi gaplarni gapirib yuruvchilar ham bor. Biz shu kabi kimsalarga yana bir bor eslatib qo’ymoqchimizki, 1-yanvar xristianlarning bayrami emas, balki shamsiy-milodiy sana bilan yil hisobini yurituvchi xalqlarning hammasi uchun yil boshi sifatida qarshi olinadigan kun. Agar “RODJYeSTVO” kabi xristianlar bayrami bo’lsa edi, musulmonlar uchun u kunni bayram qilish joiz bo’lmas edi. Vaholanki, xristianlarning “Rodjestvo” kuni 25 dekabr yoki 7 yanvarga to’g’ri keladi. 1-yanvarni esa barcha dunyo xalqlari qatori biz ham yilning yangilanishi sifatida kutib olamiz va bir yil davomida qo’lga kiritgan yutuq va kamchiliklarimizni birma-bir sarhisob qilib olamiz. Biz yangi yilni musulmoncha e’tiqod bilan kutib olamiz. Ba’zilardek noshar’iy holatlarda kutib olmaymiz. Hatto dinimiz ta’limoti bo’yicha har bir kunni qarshi olishda “Mana shu yorug’ kunga salomat etkizganingga shukr” – deb Alloh taologa hamdu sanolar aytishimiz lozim”, – deyilgan.

Diniy idora o’z so’zlarini quvvatlash uchun “Bayonun linnos” nomli kitobda bu xususda musulmonlar uchun ancha kenglik borligi qayd etilgan. Dalil sifatida “Rum” surasining 1-5 oyatlari va hadisi shariflardan keltirilib, ikki hayitdan boshqa muhim voqea yuz bergan sanalarni bayram qilish va bayramlar diniy hamda dunyoviy sabablar munosabati bilan nishonlash durustligi zikr etilgan”nini dalil sifatida keltirib o’tdi.

Fatvo yakunida esa “Binobarin, yangi milodiy-shamsiy yilni diniy bayram sifatida emas, yilning yangilanishi, umrimizga umr qo’shilishi, eski yilda qilib ulgurmagan xayrli ishlarimizni yangi yilda qilish uchun yaxshi niyatlar bilan kutib olishimiz ham aqlan, ham shar’an joiz ekan”ligi belgilab o’tilgan.

Avvalam bor “yangi yil” bayramini kelib chiqish tarixiga to’xtaladigan bo’lsak, Rim papasi Grigoriy o’n uchinchi 1582 yilda yangi taqvim joriy etish to’g’risida qonun ishlab chiqdi. Mazkur taqvimga ko’ra, 1 yanvar yangi yilning birinchi kuni sifatida qabul qilindi. Ayni paytda biz ishlatayotgan taqvimimiz “Grigorian taqvimi” bo’lib, uning boshlanishi Iso alayhissalomning tug’ilgan yilidan boshlangan. Rus imperatori Pyotr birinchi esa 1699 yildan e’tiboran yangi yilni bayram deb e’lon qildi va uni qonuniylashtirdi. Ana shu yildan boshlab yangi yil Rossiyada keng nishonlana boshlandi.

Diniy idora o’z fatvosiga dalili sifatida keltirgan “Rum” surasining 1-5 oyatlarida Alloh taolo:

“Alif, Lom, Mim. Juda yaqin joyda Rum mag’lub bo’ldi. ( Lekin) ular (ya’ni rumliklar) bu mag’lubiyatlaridan so’ng bir necha yil ichida albatta g’alaba qilajaklar. Avvalu-oxir barcha ish Allohning (izmida)dir. O’sha kunda mo’minlar Alloh (rumliklarni) g’olib qilgani sababli shodlanurlar. (Alloh) O’zi xohlagan kishini g’olib qilur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir”,

deb, xushxabar bergan. Barcha Islom ulamolarining nazdida ushbu oyatlar g’oyib-kelajak haqidagi bu haq xabarni berganligi payg’ambarimiz Muhammad sallollahu alayhi va sallam Allohning payg’ambari ekanliklariga, Qur’on esa Allohning kalomi ekanligiga dalildir, aslo boshqa din va millat vakillarining bayramlarida sherik bo’lish to’g’risida emas.

Islom ulamolari boshqa din va millat vakillarining bayramlarini nishonlash u yoqda tursin, hatto ularni tabriklashni ham harom hisoblashgan.

Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan alloma Mullo Ali Qori rahimahulloh “Fiqhul-akbar” kitobiga bitgan sharhlarida “Dindan chiqaradigan lafzlar va harakatlar” bobida: “Al-Xulosa”da keladiki, kimki navro’z kunida majusiyga tuxum hadya qilsa, kofir bo’ladi. Chunki bu ish mushrikning kufri va buzg’unchiligiga yordam berishdir yoki hadya qilish bilan ularga o’zini o’xshatishdir. Bundan navro’z kuni musulmonga biror narsa hadya qilsa kofir bo’lmaydi, degan xulosa kelib chiqadi. Ammo bunda ham mulohaza bor. Chunki o’xshashlik mavjuddir. Biroq, bu ish qasddan emas, tasodifan navro’z kuniga to’g’ri kelib qolsa, zarari yo’q. Kimki navro’z kuni kofirlar (bayram uchun) yig’iladigan erga chiqsa, kofir bo’ladi. Chunki bu kufrni e’lon qilishdir”, – deyilgan.

Alloma Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahulloh yangi yil bayrami bilan tabriklash va bu bayramda ishtirok etishning hukmi haqida so’ralgan edilar. U kishi bu savolga javob berib, jumladan shunday deganlar: “Kofirlarni yangi yil bayrami bilan yoki boshqa diniy bayramlari bilan tabriklash ixtilofsiz haromdir. Ibnul-Qayyim rahimahulloh “Ahkomu ahliz-zimma” kitoblarida zikr qiladilarki: “Kofirlikka xos bo’lgan shiorlarni tabriklash ixtilofsiz haromdir. Masalan, ularning bayramlari, ro’zalari bilan tabriklab, “sizga bayram muborak”, deb aytish yoki boshqa bir ko’rinishda tabriklash – agar o’sha so’zni aytuvchi odam kofirlikdan qutulib qolsa ham – harom ishlardandir. Bu o’sha kofirning xochga sajda qilishini tabriklash bilan barobardir”.

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam Madina shahriga xijrat qilib kelganlarida madinaliklarning ikkita bayrami bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar? – deb so’radilar. Madinaliklar: “Biz joxiliyat davrida bu kunlarda bayram qilar edik”, dedilar. Rosululloh “Alloh taolo sizlar uchun bu ikki kuningizni Qurbo va Ramazon bayramlariga alishtirdi”, – dedilar. (Abu Dovud: “Sunan”)

Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda, payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Har bir xalqning o’z bayrami bor. Bu kun – bizning bayramimizdir”, – deganlar.

Bundan xulosa shuki, yangi yil bayrami ham musulmonlarning bayramlari emas. Aksincha, u Allohning o’g’li bor, deya shirk e’tiqodda bo’lgan nasorolar bayrami bo’lib, uni nishonlash, unda ishtirok etish musulmonlar uchun haromdir.

Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir xalqqa o’xshasa, bas, u ulardandir”, – deganlar.

Ey, saroy ulamolari! Imkon borida Allohga tavba qilib, Uning haq yo’liga qaytinglar. O’zinglar adashganinglar etmaganidek, qolganlarni ham adashish sari etaklamanglar. Qachongacha bu duyonning arzimas matosi evaziga Oxiratni boy berishga rozi bo’lib yashaysizlar?

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.