Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev mamlakatda oxirgi paytlarda diniy radikalizm (Siyosiy Islom) kuchayib borayotganini ta’kidlar ekan, bunga qarshi kurash olib borishini va shu bilan biirga ilmoniylikka (dinni davlatdan ajratishga) doir asosiy qonun-qoidalarni yana ham kuchliroq tarzda tatbiq qilish lozimligini bildirdi.
Davlat mudofaa vazirligining kengashida nutq so’zlagan qirg’iz prezidenti mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash uchun diniy faoliyatlarga e’tibor qaratish va dinga nisbatan munosabatni oldindan belgilab olish muhimligini ta’kidladi.
“Gap milliy xavfsizligimiz ustida borar ekan, hukumat diniy sohalarga tuzatishlar kiritishi o’ta muhimdir. 2014 va 2020 yillar oralig’ida dinga nisbatan qanday siyosat olib orishimizni hozirdan belgilab olishimiz zarur”, dedi Almazbek Atambaev.
Prezident Atambaev diniy sohada butun dunyoda juda ko’p o’zgarishlar yuz berganligiga e’tiborni tortib, dinga doir masalalarni qayta tartibga solish kerakligini aytib o’tdi.
“O’rta Sharqda keyingi paytlarda IShID deb nomlangan tashkilot va diniy ekstrimistlar (Islomiy guruhlar) insoniyatga to’g’ri kelmaydigan jinoyatlarni sodir qilmoqda. Ularning bu hatti-harakatlari bizga ham din va davlatga doir masalalarni qayta ko’zdan kechirib chiqish majburiyatini yuklamoqda”, deya urg’uladi prezident.
Atambaev birinchi marta din sohasida davlat siyosati “ilmoniy davlat” mabdasiga (din davlatdan ajragan mabdaga) tayanishini bildirdi.
“Radikal Islomning haqiqiy Islomga hech qanday aloqasi yo’q. Ba’zilar yangi yilni nishonlamang, biz uchun faqat Ramazon va Qurbon hayitlari etarlidir, deyishadi. Bizning boshqa bayramlarimiz ham bor. Mustaqillik kuni, navro’z, g’alaba bayrami, bularni nishonlash ba’zilarning nazarida kofir bo’lishdir”, dedi Almazbek Atambaev.