Qozog’iston Majlisi 2014 yilning 4 iyun kuni bo’lib o’tgan yig’ilishida “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalari bo’yicha Qozog’iston respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun loyihasini ma’qullagan edi.
Bugun, 3 noyabr kuni Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboev mazkur qonun loyihasini imzoladi. Yangi qonun loyihasi bo’yicha endilikda hukumatga qarshi fikr bildirgan yoki Allohga iymon keltirib, Alloh nozil qilgan qonunlar asosida yashamoqchi bo’lgan “ekstremist va terroristlarni” yanada keng va kuchli ravishda ta’qib qilish va uzoq muddatga qamoqqa tashlash imkoni paydo bo’ldi.
So’ngi oylar mobaynida Nazarboev tashabbusi bilan Qozog’iston jinoyat kodekisiga yangidan-yangi o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilmoqda.
Har qanday xalqaro qonun va me’yorlarni mensimay Rossiya tomonidan Qrimni anneksiya qilib olinishi Qozog’iston prezidentini xalovatini o’g’irlab qo’ydi. Chunki, Qozog’istonning Rossiya bilan chegaradosh bo’lgan shimoliy mintaqalarida rusiyzabonlar ko’pchilikni tashkil etadi va Rossiya istagan vaqtda “o’z fuqarolarini himoya qilish” bahonasi bilan bu erda ham tartibsizliklar keltirib chiqarishi va o’zi istagan vaqtda bu mintaqalarni ham “referendum” yo’li bilan o’z hududiga qo’shib olishi mumkin bo’ladi. Buni oldini olish uchun esa Nazarboev jazo choralarini kuchaytirmoqda.
Avvalroq, 7 aprel kuni Qozog’iston Jinoyat kodeksi o’zgartirish kiritilgan edi. Yangi qabul qilingan qonun loyihasiga ko’ra endilikda Qozog’iston hududiy yaxlitligini noqonuniy o’zgartirishga chaqiriqlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi nazarda tutilgan.
Keyinchalik 7 may kuni yana bir qonun loyihasi qabul qilindi. Mazkur qonun loyihasi bo’yicha endilikda Qozog’istonda “shov-shuv ko’tarish” va “tartibsizliklar” keltirib chiqaruvchi yolg’on xabarlarni qasddan tarqatgani uchun ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi. Agar tarqatilgan yolg’on xabar tufayli jamoat tartibi buzilsa yoki zarar etkazilsa, u holda aybdor shaxsni eng kam ish haqini 1000 barobari miqdorida jarimaga tortiladi, bu esa deyarli ikki million tanga degani. Agar yolg’on xabar o’zaro til biriktirib olgan guruh tomonidan tarqatilsa, u holda ish ancha jiddiy bo’lib – fitnachilarni etti yilgacha qamoqqa tashlashlari mumkin. Agarda jinoyat favqullotda holatda yoki ommaviy tadbirlar vaqtida sodir etilsa, aybdorlar 10 yilga ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin. El-yurt manfaati yo’lida emas, balki o’z xavfsizliklarini ta’minlash maqsadida insonlar tomonidan o’ylab topilayotgan barcha qonunlar faqatgina zolim va zo’ravonlarning mavqelarini yanada mustaxkamlashga xizmat qiladi xolos.