Farg’ona, Marg’ilon, Qo’qon va Quvasoy shaharlaridagi 18 boshqaruv servis kompaniyasi va 229 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko’pqavatli uylarda 15 milliard so’mlikdan ortiq ichki kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi. Aholi va ijtimoiy soha muassasalariga shu kunga qadar 93,5 ming tonnadan ziyod ko’mir yoqilg’isi etkazib berildi. Ayni kunda bu boradagi ishlar davom etmoqda. 270 ijtimoiy soha muassasalariga 639 ta yangi qozon o’rnatildi.
– Mahalla fuqarolar yig’ini, tashkilot va korxonalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari avjida, – deydi Toshloq tumani hokimi Halimjon Umarov. – Mutasaddi idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig’inlari raislari ishtirokida o’tkazilgan yig’ilishda o’tgan kuz-qish mavsumida yo’l qo’yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, joriy mavsumdagi vazifalar belgilab olindi.
Ijtimoiy ob’ektlar, jumladan, 49 umumta’lim maktabi, 19 maktabgacha ta’lim muassasasi, 6 kasb-hunar kolleji, markaziy shifoxona hamda 17 qishloq vrachlik punktida tayyorgarlik ishlari yakuniga etkazilmoqda.
Kuz-qish mavsumida aholini tabiiy gaz, issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash eng muhim vazifalardandir. Ushbu tarmoqlarda aholi ehtiyojini hisobga olgan holda xizmat ko’rsatish sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 4,5 kilometr tabiiy gaz tarmog’i tortilib, 33,8 kilometr elektr tarmog’i mukammal ta’mirdan chiqarildi…
Hayotda esa chop etilgan xabarni umuman teskarisi hukm surmoqda. Uzluksiz gaz va elektr ta’minoti o’zbekistonliklar uchun uzoy yillardan beri ushalmas armon bo’lib kelayotgani hech kimga sir emas. Nafaqat chekka qishloq yoki viloyat markazlari, xatto poytaxt Toshkent shahri ham birinchi qor yog’ishi ortidan qishga tayyor emasligi ma’lum bo’ldi. Rasmiy nashrlar esa hech uyalmay faqatgina yuqorini rozi qiluvchi ma’lumotlar tarqatishdan zerikishmaydi.
Xalq ichida, “jannatni ko’rmoqchi bo’lsang, O’zbekiston televideniyasini ko’r, do’zaxni ko’rmoqchi bo’lsang, O’zbekistonda yasha”, degan so’z bejizga paydo bo’lmagan-da axir.