Qozog’iston chegara xizmati matbuot bo’limining ma’lum qilishicha, 13 avgust kuni qirg’iz-qozoq chegarasida chegarachilar va chegarani buzuvchilar o’rtasida otishma yuz berdi.
Xabarda aytilishicha, xodisa Olmaota viloyatida sodir bo’lgan. Qozoq chegarachilari noma’lum uch shaxsni payqab qolishgan va ularga to’xtashni buyurishgan. Otliq holdagi bu shaxslar to’xtash o’rniga ov miltig’idan besh marta o’q uzishgan. Bunga javoban chegarachilar bir marta ogohlantiruvchi, ikki marta noma’lum shaxslarga qarata o’q uzishgan.
Otliqlardan ikki nafari qo’lga olingan, bir nafari esa qochib ketdi. Ushlanganlar Qirg’iziston fuqarolari ekani, dorivor giyohlar terish bilan shug’ullangani aniqlandi.
Avvalroq, 9 avgust kuni Tojikistonning To’pako’l aholi punktida tojik chegarachilari va otliq holdagi uch nafar qirg’izistonlik o’rtasida otishma kelib chiqqan edi. Otishmada Qirg’iziston fuqarolaridan biri o’ldirilgan, ikki nafari qo’lga olingan edi. Qirg’iziston chegara xizmatining xabar qilishicha, qo’lga olinganlar 13 avgust kuni Qirg’iztonga topshirilgan.