Bu yil Toshkentdagi Islom universitetiga kirishni istan yigit qizlarga imtihon uchun kutilmagan savollar taqdim qilindi. Savollar shunday tarzda tuzilganki, olingan javoblardan abiturientlarning e’tiqodiy jihatlarini va jamiyatdagi insonlar bilan aloqalarini bilib olish uchun yo’l ochiladi.
Abiturientlarga ko’ra, imtihon savollari ularni noqulay ahvolga solib qo’ygan. Chunki ular to’g’ri javobni aytadigan bo’lsa, o’qishga kirishdan umidini uzishlariga va keyingi “dopros”ga qatnashlariga to’g’ri keladi. Agar siyosatga moyil qilib javob bersa aqidasiga putur etadi.
Masalan, savollardan biri “Bugungi kundagi ayol va qizlarimizga hijob kerakmi?”, degan savoldir. Agar bu savolga “yo’q, kerak emas”, deb javob bersa, Quronga zid gapirgan va Allohning farzlaridan birini inkor qilgan bo’ladi. Bu esa ushbu abiturientning kofir bo’lishiga sabab bo’ladi. Agar “albatta xijob kerak”, desa, birinchidan siyosatga qarshi chiqqan bo’ladi. Undan keyin esa “Sen buni qaerdan bilasan? Senga kimlar o’rgatgan? Shunday deydigan yana kimlarni bilasan?”, degan savollarga javob berish kerak bo’ladi.
Shuningdek, o’qishga kirishni istagan talabalar “Islomiy oqimlardan qaysilarini bilasiz?”, degan savolga ham javob berishlari kerak. Bu savol ham abiturientlarning boshini qotirgan. Chunki “yo’q, birortasini bilmayman”, deb javob bersa, bu umuman aqlga to’g’ri kelmaydi. O’zbekiston hukumati hozirgi abiturientlar tug’ulganidan buyon diniy oqimlar haqida dod solib keladi. Bu savolga qanday “bilmayman”, deb javob berish mumkin. Agar birortasini bilaman deb javob bersa, boshi baloga qoldi deyavering. Undan so’ng “Qaerdan bilasan? Qachondan beri bilasan? Kimlarni taniysan?”, va hokazo.
Aytilishicha, bu savollarga dunyosini ham, oxiratini ham kuydirmaydigan javoblar topish mumkin ekan. Buning uchun abiturientlar ushbu universitet ekspertlari tarafidan yozilgan kitoblarga murojaat qilishlari lozim.