Bugun, 29 iyul kuni Qirg’izistonda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ning “Buzulmas birodarlik 2014” nomli keng ko’lamli harbiy o’quv mashg’uloti boshlandi. Mazkur o’quv mashg’uloti 29 iyuldan 1 avgustga qadar davom etib unda, KXShTga a’zo davlatlar – Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikistonning 700dan ziyod harbiylari ishtirok etishadi.
Qirg’iziston qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig’i Asanbek Alimkojaevning so’zlariga ko’ra, o’quv mashg’ulotlaridan asosiy maqsad, KXShT kollektiv kuchlarining tinchlikparvar qo’shinlar bo’linmalari orasida o’zaro aloqa va hamkorlik sifatini oshirish, tinchlikparvar vazifalarni bajarishda barcha bosqichdagi komandirlarning amaliyotni tayyorlash va boshqarish tajribalari hamda KXShT harbiy kuchlari shaxsiy tarkibi malakasini o’stirishdan iborat.
KXShT bosh kotibi Nikolay Bordyujaning ta’kidlashicha, o’quv mashg’ulotlari nafaqat harbiy malakani oshirish, balki tashkilotga a’zo mamlakatlar harbiy kontingentlarini jipslashtirish uchun tashkillashtirildi.
“Mazkur o’quv mashg’ulotlarida biz tashkilotga a’zo davlatlardan xalqaro terrorizm va boshqa tahdidlarga qarshi kurashda ko’mak beruvchi professional harbiy birlashmalarni tashkillashtirish maqsadida harbiy mashg’ulotlarni eng murakkab darajada ishlab chiqishni rejalashtirganmiz”, – dedi Bordyuja.