Rossiyadan tobutda qaytayotgan o’zbekistonliklar soni ortmoqda

613
0

pic_22290c80142dc48031baaa3d42ec0f5dOzodlik radiosining xabar qilishicha, birgina Andijon viloyatiga oy boshidan buyon kamida 10 mehnat muhojirining jasadi keltirilgan. Sankt Peterburgdagi “Yoshlar” harakati faollarining hisobicha, 4 yil ichida turli sabablar bilan Rossiyadan yurtiga o’ligi yuborilgan o’zbekistonliklar soni 48 ming 674 kishiga etgan.

Andijon shahri aeroporti yuklarni qabul qilib olish bo’limi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, eng so’nggi ikki jasad 23 iyul kuni Moskvadan O’zbekistonga yuborilgan.

“Ularni ikkalovi ham andijonlik ekan. Bttasi 47 yoshli erkak Paxtaoboddan, yana biri 35 yoshli yigit Andijon tumanidan. Bittasi gazdan zaharlanib o’lgan, ikkinchisi yurak xurujidan. Andijonga kelgan jasadlarni oxirgilari bu. Shu oyni o’zida o’ndan ko’proq jasad keldi. Hammasi Rossiyadan”, – dedi Andijon aeroportining xodimi.

Namangan viloyatida ham so’nggi to’rt oy ichida Rossiyadan o’nlab mardikorning jasadi olib kelingan. Namangan Ichki ishlar boshqarmasidagilar Rossiyadan o’zbekistonliklarning jasadlari muntazam kelishini tasdiqlashdi, lekin bu borada konkret raqamni keltira olmasliklarini aytishdi.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokir Rossiyadan jasadlar kelishi so’nggi yillarda odatiy holga aylanganini aytadi.

“Mana bittasi Pop tumanidan, yana bittasi Pop tumanining sal chekkarog’idan. Keyin Yangi Qo’rg’on, Namangan shahrini o’zidan novvoy bollarni o’ligi keldi. O’zimiz borib fotihasini qilib keldik. Besh-olti oy oldin Rossiyadan ota-bolaning o’ligi keldi. Ular ishga ketishganida bolasini o’ris millatchilari urganda. Bolasini tarafini olaman deb, otasi qo’shilganida, uni ham o’ldirib qo’yishgan ekan. Mening qarindoshimni o’ligi ham keldi, uch-to’rt oy oldin. Uni Rossiyada milatchilar o’ldirib, balchiqqa tiqib tashlashgan. Rasmlarini ham ko’rdim”, – deydi Nosir Zokir.

Sankt Peterburgdagi “Yoshlar” harakati deb ataluvchi tashkilot rahbari Maxsud Abdujabborov ham vataniga tobutda yuborilayotgan o’zbekistonliklar soni oshmoqda, deb hisoblaydi.

Abdujabborovga ko’ra, Rossiyadan O’zbekistonga jo’natilgan “Yuk-200”, ya’ni turli noxush hodisa va kasalliklardan nobud bo’lib, yurtiga yuborilgan o’zbekistonliklar jasadi soni 164 kishidan (2008-2010 yillarda) 48 ming 674 kishiga (2012-2014 yillarda) etgan.

“So’nggi to’rt yil ichida 49 mingga yaqin o’zbekistonlik Rossiya hududida olamdan o’tdi. Shulardan 47 foizi qotillik qurboni bo’ldi. 20-30 foizi qurilishlardagi baxtsiz hodisalardan o’ldi. 4-5 foizi zaharlanish, qolgani o’z joniga qasd qilganlar. Bular asosan ayollardir”, – deydi Abdujabborov.

“Yoshlar” harkati rahbari Maxsud Abdujabborovning aytishicha, agar jasadlar vaqtida temir tobutda olib ketilmasa, ularni o’sha erning o’zida dafn etishadi.

“Sankt-Peterburgdan O’zbekistonga bir jasadni yuborish 48 ming rubl (bu qariyb bir yarim ming dollar)ga tushadi. O’likxona harajatlari bunga kirmaydi. Agar jasad o’likxonada bir haftadan ko’proq turib qolsa, harajatlar yana oshadi. Vladivostokdan jasad yuborish 90 ming rublgacha boradi”, – deydi Abdujabborov.

Rossiyada turli halokat va millatchi taqirboshlar hujumi oqibatida vafot etgan va yaqinlari aniqlanmagani natijasida mahalliy o’likxonalarga olib kelingan mehnat muhojirlarining jasadi yoqib yuborilmoqda yoki ommaviy qabristonlarga janozasiz ko’mib yuborilmoqda.

Bularning barchasi er usti va osti boyliklarga serob bo’lgan zaminda yashovchi o’zbek xalqi ustida sodir bo’lmoqda.

O’zbekiston oltin, uran, mis, tabiiy gaz, neft va boshqa foydali qazilmalar zahirasi bo’yicha nafaqat MDH davlatlari o’rtasida, balki dunyoda etakchi o’rinlarni egallab keladi. Jumladan, oltin zahirasi bo’yicha dunyoda to’rtinchi, uni qazib olish bo’yicha ettinchi (2012 yilda 90 tonnadan ziyod oltin qazib olingan), mis zahirasi bo’yicha o’ninchi, uran zahirasi bo’yicha ettinchi, qazib olishda o’n birinchi o’rinni egallaydi.

Bundan tashqari O’zbekistonda 1800 kondan iborat foydali qazilmalar bo’lib, ularning mingga yaqinidan foydalanilmoqda va 118 turdagi mineral xomashyo mavjud bo’lib, ularning 65tasidan foydalanilmoqda. Mutaxassislar tomonidan O’zbekistonning mineral zahiralari qiymati taxminan 3,5 trillion dollar deb baholanadi. “O’zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi tabiiy gaz qazib olish bo’yicha dunyoda 11 o’rinni egallaydi va har yili 60-70 mlrd metr.kub gaz qazib oladi.

O’zbekistonda neftning geologik zahirasi – 5 mlrd tonna, tasdiqlangan zahirasi – 530 mln tonna, tabiiy gazni geologik zahirasi – 5 trln metr. kub, tasdiqlangan zahirasi – 3,4 trln metr.kubni tashkil etadi va har yili 3,5 mln tonna neft qazib olinadi.

Bularga qo’shimcha, O’zbekistonda har yili 3,5 million tonnaga yaqin paxta etishtiriladi va 1 million tonna atrofida paxta tolasi olinadi. O’zbekiston har yili 15 milliard dollarlikdan ziyod paxta, oltin, uran, tabiiy gaz va mineral o’g’itlar eksport qiladi.

O’zbekiston xalqining rizqiga zulukdek yopishib olgan, xalqni siyosiy va iqtisodiy zulmlar ostida qashshoqlik darajasiga tushirib qo’ygan Karimov boshchiligidagi siyosat mamlakatni bugungi axvolga olib kelib qo’ydi. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, oltin va uran qazib olishni o’z nazoratiga olgan, qancha oltin va uran qazib olinishini davlat siri darajasiga ko’targan Karimov oilasining bugungi kundagi umumiy boyligi 20 milliard dollar atrofida baholanadi.

Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey e’tirof etganidek, O’zbekiston iqtisodiyoti o’ta darajada yopiq bo’lganligi sababli Karimov oilasi boyligining haqiqiy miqdorini bilishlik imkoni yo’q. Uning boyligi bundan bir necha barobar ko’p bo’lishligi ehtimoldan holi emas.

Buni natijasida millonlab o’zbekistonliklar chet o’lkalarda sarson-sargardonlik, xoru zorlik iskanjasida qora ishlarda ishlashga va shu yo’l bilan oila boqishga majbur bo’lmoqdalar. O’z xalqi uchun zarur shart-sharoit, ish joyi va ro’zg’or tebtarish uchun etarli bo’lgan ish haqi bilan ta’minlashga qodir bo’lmagan Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumati esa loaqal o’z-o’zini eplayotgan xalqning haq-huquqlarini himoya qilib berishni ham xohlamaydi. Rossiya va boshqa davlatlarda faqatgina nomiga faoliyat yuritayotgan o’zbek elchilari esa huddi O’zbekiston ichkarisida bo’lgani kabi xalqdan uzilib qolgan. Na O’zbekiston ichkarisida va na tashqarisida oddiy xalq dardi va muammosi bilan qiziqadigan birorta amaldor qolmadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.