BBS qirg’iz xizmatining xabar qilishicha, Qirg’iziston hukumat etakchisi Joomart Oturbaev energetika masalasida muammolar mavjudligini aytib, suv zaxirasining ozligi sababli bu yil energetika taqchilligi yuzaga kelishini ma’lum qildi.
“O’zbekiston bilan gaz borasidagi muzokaralardan samara chiqmayapti. Bu yil gaz bermay qo’yishi mumkin. Xalqqa to’g’risini aytishimiz kerak, suv zaxiramiz ozroq. Elektr enerniyada taqchillik bo’ladi. Afsuski O’zbekiston gazini bizga bermayapti. Menimcha, qishgacha bermasa kerak. Shuning uchun O’sh shahar bo’yicha energetika quvvatini oshirishimiz lozim. Prezident 30 million dollar Rossiyadan grant oyapti. Birinchi o’rinda 261 million dollar mablag’ni energetikaga sarflaymiz”, dedi Oturboev.
Mutaxassislarning aytishicha mamlakatda elektr energiya iste’moli kundan kunga ortib bormoqda. Ayni paytda Toktogul suv omborida ham suv zaxirasi oz.
Oturboev shu vaqtgacha elekrt energiyasini chet davlatlarga sotib kelgan Qirg’iziston davlatini endilikda o’zi boshqa davlatdan sotib olishga majbur bo’layotganini urg’uladi.
“Avval elektr energiyani eksport qilgan bo’lsak, energetika taqchilligi sababli endi o’zimiz Tojikistondan sotib olyapmiz. Chunki xalqning soni kundan kunga ortib bormoqda. Shuning uchun ishlab chiqarilgan 14 mlrd. kv soat elektr energiyasi etmay qolyapti. Bu ahvoldan qutilish uchun juda ko’p obektlarni ko’mir bilan isitishga o’tishimiz kerak. Masalan O’sh mintaqasini arzon ko’mir bilan ta’minlash uchun maxsus baza tuziladi. Bishkek, O’sh shaharlaridagi bir qancha mintaqalardagi obektlarni ko’mir bilan isitishga o’tkazishimiz kerak”, dedi hukumat boshchisi.