Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li rasmiy safar bilan O’zbekistonga keldi. Bu uchrashuv to’liq 13 yillik tanaffusdan keyin amalga oshdi. Dovuto’g’li O’zbekistonda prezident Islom Karimov, O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G’aniyev hamda O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan turk tadbirkorlari bilan uchrashdi.
Dovuto’g’li o’zining Toshkentga qilgan safarini vazirlikdagi kutilgan eng muhim hodisalardan biri sifatida baholab, O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi o’zaro munosabatlar bundan buyon yaxshilanishiga umid bildirdi.
“Aloqalarimizning ko’ngildagidek bo’lmaganligi hammamizni qayg’uga soldi. Insha Alloh mavjud siyosiy iroda oldimizda bir yo’l ochadi”, dedi Dovut o’g’li.
O’zbekiston prezidenti Islom Karimov esa Dovut o’g’lining bu ziyoratining faqatgina ikka taraflama uchrashuv uchun bir fursat emas, balki ayni paytda tarixiy ahamiyatga molik uchrashuv ekanligini aytib o’tdi. Prezident Karimov ikki taraflama ishonchli aloqalarni tiklash vaqti kelganligini ta’kidlar ekan, “Davlatlarimiz o’rtasidagi eski xatolar qayta takrorlanmaydi”, deya ta’kidladi.
Karimov Turkiya-O’zbekiston aloqalarida yuzaga kelgan vaziyat ikki mamlakatning emas, balki dushmanlarning foydasiga hal bo’lganligini aytib o’tdi. Karimovga ko’ra, dunyodagi katta davlatlar boshqa davlatlarning bir biriga yaqinlashmasligi uchun qo’lidan kelgan ishni qilishadi.
“Boshqa davlatlarni yuqori darajaga ko’tarilishini istashmaydi. Undan keyin o’zlarini muammoga echim topgan davlat qilib ko’rsatadi”, dedi Karimov katta davlatlardan norozi bo’lib.
O’z navbatida Dovut o’g’li Bu tarixiy uchrashuvni Turkiya prezidenti Abdulloh Gul ham, Boshvazir Rajab Toyyib Erdug’on ham intizor bo’lib kutganligini urg’ulab, O’zbekiston Turklarning ota yurti bo’lganligini tilga oldi.
Dovut o’g’li O’zbekiston rasmiylari bilan ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar va O’zbekistonga sarmoya yotqizgan turk tadbirkorlarining muammolari ustida muzokara olib borar ekan “O’zbekiston va Turkiya aloqalari davom etishi bilan Osiyo barqarorlikka erishadi. Bu esa butun dunyo uchun xushxabardir”, dedi.
Dovut o’g’li bilan Karimov xalqaro maydonda sodir bo’lgan oxirgi vaziyatlar xususida ham suhbat olib borishdi. Uchrashuvning so’ngi qismi 2 soat davomida matbuotdan uzoq, yopiq shaklda davom etdi.
O’zbekiston 1991 yilda mustaqilligini e’lon qilgandan so’ng uni birinchi bo’lib Turkiya tan olgan edi. Ammo keyingi yillarda Toshkent va Anqara tobora bir birlaridan uzoqlasha boshladi. Turkiya davlati boshqa bir necha davlatlar qatorida 2005 yildagi Andijon qirg’inini tanqid ostiga oldi. Karimov hukumati bu tanqid ortidan mamlakatdagi turk o’quv yurtlarini yopib qo’ydi. O’zbekistonga sarmoya yotqizgan o’nlagan turk ishbilarmon tadbirkorlarining mol mulkini va do’konlari tortib olib, ba’zilarini qamoqqa tashladi. O’zbek muxolifatining Turkiyadan boshpana topishi ham ikki davlat aloqalarining yomonlashuviga asosiy sabablardan biri sifatida qaraladi. Shunga qaramay, O’zbekiston fuqarolari Turkiyaga vizasiz kirishlari mumkin.