BMT Arab davlatlari ligasining Suriya masalasi bo’yicha sobiq vakili Lahdar Brahimiy Frantsuz axborot agentligi bilan o’tkazgan suhbatda “Iroq Shom Islom davlati” Iroqning bir necha shaharlarini qo’lga kiritishi ortidan yuzaga kelgan vaziyat uchun xalqaro hamjamiyatni aybladi.
Brahimiyning ta’kidlashicha, Iroqdagi mavjud vaziyat Xalqaro hamjamiyatning Suriya masalasida e’tiborsizligining natijasidir.
“Afsuski, Suriya muammosidan ko’z yumib keldilar va bu muammoni hal qilish uchun dastak bermadilar. Mana oqibati nima bo’ldi”, deya hasratlandi Brahimiy.
“Yuzaga kelgan bunday inqiroz faqat bir o’lkaga cheklanib qolmaydi. Suriya masalasi bunga yorqin misol. Bu ko’rinib turgan haqiqatdir”, dedi u qo’shimcha qilib.
Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler ham hozirda Iroqda yuz berayotgan hodisalarni “kutilgan ish” deb baholadi. Blerga ko’ra, bu holat G’arbning Suriya masalasini hal qilishdagi muvaffaqiyatsizligining belgisidir.
Ammo Turkiyalik Siyosiy mutaxassis Muhammad Hanafiy Iroqdagi vaziyatni baholar ekan, turli jihatlarga e’tibor qaratishga chaqiradi.
“IShID Iroqqa kirgan paytda Molikiy hukumatiga tobe bo’lgan armiya, politsiya va u erdagi xavfsizlik tashkilotining mas’ullari butun armiyani ortga chekintirdi. Hech qanday jang bo’lmaganligi, hatto bitta ham o’q otilmaganligi haqida xabarlar bor. Xo’sh bu Molikiy hukumatini IShID qarshisida zayifligi uchunmi? Yoki oshiqcha qon to’kilmasin va askarlar safida yo’qotish bo’lmasin deya bir insoniy tushunchadar bilan shunday qildilarmi? Yoki bu erda boshqa sabablar bormi? Molikiyga qarashli armiyaning IShIDga kuchi etmaydigan darajada zayif, deb ayta olmaymiz. Chunki armiya ortga chekinar ekan, butun qurol-aslahalarini, avtoulovlarini, vertalyotlarini va og’ir qurollarini, xullas bir dunyo narsa qoldirib ketishgan. Hech bir armiya o’z mintaqasini tark etar ekan, bunday qilishi mumkin emas”, deydi siyosiy mutaxassis.