O’zbekistonda qiynoqlar keng ko’lamada qo’llaniladi. “Amnesty International” (Xalqaro amnistiya tashkiloti) o’zining 13 may kuni e’lon qilgan bayonotida keltirishicha, bu qiynoqlar turiga, kaltaklash, bo’g’ish, erkak va ayollarni zo’rlash, dubinka, temir tayoq, suv to’ldirilgan plastik butilkalar bilan kaltaklash hamda qo’lga olingan gumondorlarni kishan bilan isitish batareyalariga yoki shiftdagi ilgakka ilib qo’yish, plastik paket yoki protivogaz vositasida bo’g’ish, qo’l va oyoqdagi tirnoqlar ostiga igna tiqish, elektroshok va sovuq suv quyishlar kiradi.
“O’zbekistonda qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, noinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari keng tarqalgan. “Amnesty International” qamoqxona ma’muriyati yoki kuch organlari tomonidan qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalar doimiy va keng ko’lamda qo’llanayotgani haqida davomli va ishonchga loyiq ma’lumotlar olishda davom etmoqda”, – deyiladi tashkilot tarqatgan bayonotda.
Bayonotda keltirilishicha, O’zbekistonda “odamlar qo’lga olinish, sud ishini kutish jarayonida va qamoqxonalarda qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalaga duchor bo’ladilar”. O’zbekiston sudlari ko’p hollarda qiynoqlar natijasida olingan iqrornomalar asosida hukm chiqaradilar.
Mamlakatda “javobgarliksiz muhiti hukm surmoqda”, qiynoqlar to’g’risidagi shikoyatlar esa “odatda e’tiborsiz qoldiriladi”. Qiynoqlar esa “kaltaklash, bo’g’ish hamda erkak va ayollarni zo’rlash…” kabilardan iborat, deyiladi bayonotda.
Tashkilot ekspertlariga ko’ra, “kam sonli huquq himoyachilarigina O’zbekiston ichkarisida ishlashga jur’at qiladilar. Huquq himoyachilari, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari har kuni tazyiqqa duchor bo’ladilar va kuch organlari tomonidan nazorat qilinadilar. Barcha aloqa vositalari nazorat qilinadi, tinch namoyish va diplomatlar bilan uchrashishga yo’l qo’yilmaydi”.
Turkiston:
Bundan to’qqiz yil oldin 2005 yil 13 may kuni Andijonda sodir etilgan qatliom kuniga to’g’ri kelgan Xalqaro amnistiya tashkilotining navbatdagi bayonoti ham avvalgi bayonotlar va bildirilgan tashvishlar singari faqatgina tinglab va o’qib qo’yilaveradi. Chunki bu xalqaro tashkilot hukumatlarni qonunlarga rioya etishga, inson huquqlariga e’tibor qaratishga chaqirgani bilan, bu hukumatlarga ta’sir o’tkazishi mumkin bo’lgan davlatlar uchun moddiy manfaat birinchi o’rinda turadi.
Qonxo’r Karimov tomonidan sodir etilgan Andijon qirg’inidan so’ng Amerika va Yevropa davlatlari O’zbekistonga nisbatan hech qanday ta’sirga ega bo’lmagan o’zbek amaldorlarini Yevropa davlatlariga kiritmaslik va O’zbekistonga qurol sotmaslik kabi sanktsiyalarni joriy etishgan edi. Ammo oradan hech qancha vaqt o’tmay bu sanktsiyalarni bekor qilishdi.
Bunga Amerika boshchiligida Afg’onistonda olib borilayotgan bosqinchilik urishida AQSh va NATOga a’zo davlatlarining botqoqqa botib qolishi hamda Pokiston orqali o’tadigan janubiy ta’minot yo’lagi mujohidlar tomonidan amalga oshirilgan to’xtovsiz hujumlar natijasida xavfli bo’lib qolgani sabab bo’lgan edi. Shuning uchun bu davlatlar o’ylab ham o’tirmay
O’zbekistonga nisbatan qo’llagan sanktsiyalarni bekor qilishdi. O’zbekistonda qiynoqlar surunkali tus olgani hech kimga, hatto, demokratiya va inson haqlari to’g’risida tinmay lof urib keladigan G’arb davlatlari uchun ham sir emas. Ammo moddiy manfaat oldida minglab odamlarni qatl qilinishiga e’tibor qaratmagan bu davlatlar, O’zbekiston xalqiga nisbatan qo’llanilayotgan qiynoqlardan ham ko’z yumishadi. Chunki demokratiya va inson haqlari deb atalmish balandparvoz so’zlar, G’arb davlatlari izmiga yurmagan mamlakatlarga nisbatan bosim o’tkazish qurolidan boshqa narsa emas.