Hali Rossiyadan boshqa birorta mamlakat, jumladan Ukraina hukumati ham referendum qonuniyligini e’tirof etgan emas. Qirim aholisining 12%ini tashkil qilgan qirimtatarlari va ukrain millatiga mansub Qrim fuqarolari Rossiyaga qo’shilishdan norozi. Qirimtatarlar majlisi referendumni baykot qilishga chaqirmoqda.
Qo’shma Shtatlar Qirimning Rossiyaga qo’shilishiga qarshi. Oq uy so’zchisi Jay Karni AQSh Qirim umumxalq referendumi natijalarini rad etishini bildirdi.
“Biz Ukrainaning Qirim mintaqasida o’tkazilgan referendumni rad etamiz. Bu referendum Ukraina konstitutsiyasiga ziddir. Kuch bilan tahdid qilish va xalqaro qonunlarni buzish ma’nosidagi Rossiyaning harbiy aralashuvi ostida o’tkazilgan bu referendum natijalarini xalqaro hamjamiyat tan olmaydi. Ukraina hukumatining aralashuvisiz Ukraina kelajagiga doir qaror qabul qilinishi mumkin emas. Boshqa bir tarafdan qaraladigan bo’lsa, bunday referendumga zarurat yo’q.”, dedi Oq uy so’zchisi. Yevropa ittifoqi ham bir ovozdan Rossiyaning bu ishiga qarshi.
Yevropa ittifoqi Rossiya va Qirimning 21 nafariga jazo choralarini e’lon qildi. Qora ro’yxatga tushgan amaldorlarning G’arb davlatlariga sayohati cheklanishi va bankdagi hisob raqamlari muzlatilishi ko’zda tutilgan. Buyuk Britaniya hukumati Rossiya bilan barcha harbiy hamkorlik aloqalarini to’xtatishini ma’lum qildi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygga ko’ra, bu choralar so’nggisi emas, ular vaziyatga qarab kengayishi mumkin.