Markaziy Afrika respublikasining poytaxti Bangida yana uchta musulmon shaxs xristianlar tarafidan ko’chaning qoq o’rtasida, odamlarning ko’z o’ngida vahshiylarcha o’ldrildi. Axborot agentliklarining mahalliy manbalarga tayanib xabar qilishicha, “anti-Balaka” xiristian guruhi bozorda to’xtab turgan taksi ichidagi uchta musulmonni majburan mashinadan tushirishib, qo’llaridagi kaltak va pichoqlar bilan qiynab o’ldirishgan.
Markaziy afrika respublikasida joylashgan BMT “tinchlikparvar” kuchlari tarkibida faoliyat olib borayotgan Kamerun davlatining harbiylari voqea joyiga etib kelgani, biroq musulmonlarni qutqarish uchun harakat qilmagani aytiladi xabarda. Rasmiy axborot manbalari shu vaqtgacha voqea yuzasidan biror xabar tarqatmadi.
Ismini oshkor qilishni istamagan Markaziy afrika armiyasining generallaridan biri “Sahel TV”ga bergan intervyusida musulmonlarni vahshiylik bilan qatliom qilayotgan “anti-Balaka” xiristian guruhi uchun qurollanishga imkon yaratib berilganligini e’tirof etar ekan, bu ish katta xato bo’lganligini ta’kidladi.
O’tgan yili Markaziy afrika respublikasiga kirgan Frantsiyaning “tinchlikparvar” kuchlari “Seleka” isyonchi guruhini qurolsizlantirib, hozirda himoyasiz qolgan musulmonlarni qirg’in qilayotgan “anti-Balaka” guruhining qurollanishiga imkon yaratib bergan edi.
Musulmonlar qirg’indan qochib uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo’lmoqda. Hyuman rayts Votch inson huquqlari tashkilotining ogohlantirishicha, Markaziy afrika respublikasida hatto birorta ham musulmon qolmasligi mumkin. Biroq xristian guruhlar shahardan chiqish joylarida postlar tashkil qilishib, jonini olib qochayotgan musulmon oilalarning yo’lini to’smoqda. BMTning qochqinlar bo’yicha oliy komissiyaning so’zchisi ayni paytda 15 ming musulmon qamalda qolayotganini bildirdi. Ularning hayotlari xavf ostida. Vahshiy qotillar har zamon kelib, xohlagan suratda qiynoqqa solib o’ldirishi mumkin. Hukumat kuchlari ham, Frantsiyaning “tinchlikparvar” kuchlari ham mazlumlarga yordam berish va ularning tinchligini saqlash o’rniga, qotillarga turli dastak berib kelmoqda.