O’zbekistoning qo’shni davlatlar bilan chegara hududida joylashgan qishloqlarida tuman ma’muriyati, ichki ishlar organlari va sanepidemstantsiya xodimlari hamkorligida uyma-uy yurib tekshirish boshlandi. Bu tekshirishdan maqsad – fuqarolarning pasport ma’lumotlari, ularni doimiy yoki vaqtinchalik yashashlari qonuniyligini tekshirish, sudlanganlarni aniqlash, xo’jaliklardagi qo’y, mol kabi uy xayvonlari va mevali daraxtlar sonini aniqlash ekanligi aytilmoqda.
O’zbekistoning qishloqlarida bunday tekshiruvlar boshlangan bir vaqtda, poytaxt Toshkent shahrida 19 fevraldan boshlab militsiya xodimlari ko’payib, qurolli harbiylar paydo bo’ldi. Shahar markazidagi ko’chalarda xorijiy yuk mashinalarida qora niqob kiygan qurolli askarlar o’tirishibdi. Viloyatlardagi davlat muassasalarida uzluksiz navbatchilik tashkil etildi.
Barchaga ma’lumki, 2014 yilda Afg’onistondan AQSh boshchiligidagi bosqinchi kuchlar olib chiqib ketiladi. Shuning uchun ham O’zbekiston hukumati chegera hududlarida joylashgan aholi haqida to’liq ma’lumotgan ega bo’lishga harakat qilmoqda. Bundan tashqari 2003 yili Gruziyada sodir bo’lgan rangli inqilob “ulog’ini” 2004 yilda “ilib” olgan Ukrainada ham vaziyat yana chigallashib, fuqarolar urishi kelib chiqishiga oz qolmoqda.
Shuning uchun ham O’zbekiston hukumati mana shunday ehtiyot choralarini ko’rmoqda hamda oddiy xalqni bosh ko’tarishi u yoqda tursin, bu narsa haqida hatto o’ylashga ham jur’at qilmasliklari uchun ularning qalbiga yanada ko’proq qo’rquv solishga intilmoqda.
Karimov esa o’z hokimiyatiga xavf solishi mumkin bo’lgan barcha xatarlarni oldini olish va O’zbekistonda bunga o’xshash xodisalarni sodir bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun barcha narsaga, o’z xalqini nafaqat nazorat va ro’yxatga olish, hatto qirib tashlashga ham tayyor. 2005 yil 13 maydagi Andijon qirg’ini bunga yaqqol dalil bo’la oladi.
Har bir oiladagi uy xayvonlari va mevali daraxtlarni hisobga olinishi esa, 2014 yilda O’zbekiston YaIM o’sish hajmini kamida 8 foizga etkazishlik uchun bo’layotgan harakatdir. O’zbekistoning millonlab fuqarolari Rossiya, Qozog’iston va boshqa davlatlarda “dangasa”lik qilib ishlab topgan pullari evaziga sotib olingan xayvonlar, barpo etilgan uylar ham davlatning yalpi ichki maxsulotining “barqaror” suratda o’sishiga hissa qo’shishi hech kimga sir emas.
Karimov boshchiligidagi bir xovuch amaldorlar esa O’zbekiston boyliklarini talon-taroj qilib, davlat byudjetini bo’shatib qo’yishgach, endilikda yosh bolalar uchun beriladigan nafaqaga ham ko’z olaytirishmoqda.