Saylovlar va referendumlar o’tkazish bo’yicha Markaziy komissiya 26 dekabr kuni qabul qilgan qarorga muvofiq, Bishkek va Osh shaharlari merligi uchun saylovlar 2014 yilning 15 yanvar kuni bo’lib o’tadi.
Shuni eslatib o’tish o’rinliki, 4 dekabr kuni Bishkek shahar meri Isa O’murqulov “o’z xohishiga binoan” istefo bergan, ertasi kuni bosh vazir Jonto’ra Satbaldiev buyrug’iga asosan vaqtinchalik Osh shahar meri vazifasini bajarib kelayotgan Melis Mirzakmatov lavozimidan ozod qilingan edi. Muxolifat tomonidan uni ishdan olinishiga parlament deputati Axmatbek Keldibekov tarafdorlari uyushtirgan norozilik namoyishida amaldagi hukumatni keskin tanqid qilishi sabab bo’lgani aytilayotgan bo’lsa, bosh vazir Jonto’ra Satbaldiev merlik uchun bo’ladigan saylovlar vaqtida u o’z lavozimini bo’shatib turishi zarurligini aytgan edi.
Markaziy saylov komissiyasi o’z qarorini qabul qilishidan bir kun oldin, 25 dekabr kuni Osh shahar kengashidagi kuchlar muvozanati o’zgarib, yangi “Akykat jana ntmak” (Haqiqat va birlik) koalitsiyasi tashkil etildi. Kechagi kunga qadar Melis Mirzakmatov etakchilik qilgan “Uluttar birimdigi” (Millatlar birdamligi) koalitsiyani negizi hisoblanar, koalitsiyaga Mirzakmatov boshchiligidagi partiyadan 21 deputat va Qirg’iziston xalq demokratik partiyasi va “Zamandash” partiyalaridan bittadan deputatlar kirar edi.
Biroq, “Zamandash” partiyasi vakili Nuradil Joldoshov partiya tomonidan chaqirib olindi, 20 dekabr kuni esa Markaziy saylov komissiyasi bu qarorni tasdiqladi. Uni o’rniga deputatlik mandatini olgan Qamchibek Mambetov, koalitsiya tarkibidan chiqishini hamda shahar kengashidagi muxolifat tomoniga o’tishini ma’lum qildi va shahar kengashidagi muxolifat xal qiluvchi kuchga aylandi. Ularda endilikda kengashdagi 45 ovozdan 23tasi bor.
Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev 12 dekabr kuni imzolagan “Poytaxt maqomi to’g’risida” va “Osh shahar maqomi to’g’risida”gi qonunga binoan Bishkek va Osh shahar merlari shahar kengashidagi deputatlar tomonidan yashirin saylov yo’li bilan saylanadi. Shuningdek mer lavozimiga nomzodlarni bosh vazir va shahar kengashidagi fraktsiyalar ham taqdim qilishlari mumkin. Agar shahar kengashidagi deputatlarning umumiy sonidan kamida uchdan ikkisi saylovda ishtirok etsa, saylovlar bo’lib o’tgan hisoblanadi.
Turkiston:
Vanihoyat Atambaev Mels Mirzakmatovni Osh shahar hokimligidan chetlatishga qaror qildi. Bu uning uzoq yillar mobaynidagi amalga oshirishdan ojiz bo’lib kelayotgan maqsadi edi desak ham bo’ladi. Chunki u markaziy hukumatga itoatsizligini yashirmadi va shuning bilan davlatning mustaxkamlashishiga juda katta to’siq bo’ldi. Mirzakmatov muxolif kuchlarga ochiq qo’shilmagan bo’lsada ular uchun katta imkoniyatlar yaratib berishi mumkin bo’lgan quvvat bo’lib turdi.
Nega shu kunga kelib Atambaev Muxolifotdagi davlat arboblariga urush ochdi?
Bu Rossiyaning maslaxatisiz emas albatta. Qirg’izistonning avtoritar rejimga qarab borishi kutilmoqda. Bu ketuvning eng ashaddiy dushmanlari esa, G’arb ayg’oqchilari bo’lmish, inson huquq himoyasini bahona qiluvchi barcha tashkilotlar bo’lib, ular davlatga qarshi quvvatlarning ko’paytirish bilan o’zlarining ta’sir ko’lamini oshirib borishadi. Ma’lumki Qirg’iziston xalqaro tashkilot va nodavlat tashkilotlar bilan to’lib ketgan. Ular bu erni demokratik orol deyishadi. Aslida bu tashkilotlar G’arbning mustamlaka mashinasi bo’lib, demokratik sistema ularning ashaddiy quroli xisoblanadi. Atambaev asli shular bilan kurash maydonini ochdi. Lekin janglar har xil boshlangani bilan, urush davom etadi.