Qirg’iziston muftiysi Rahmatullo Egamberdiev 17 dekabr kuni Muftiyot va Butunjahon yoshlar assambleyasi birgalikda tashkillashtirgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etayotgan mahalliy imomlar bilan uchrashdi.
Muftiyot matbuot xizmatining xabar qilishicha, muftiy imomlarni huquq tartibot organlari va mahalliy hukumat bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi. Muftiyni ta’kidlashicha, imomlar o’quvchilar bilan tarbiyaviy uchrashuvlar o’tkazishlik uchun maktab direktorlari bilan kelishib olishlari zarur. Muftiyning fikricha, o’quvchilarga o’z joniga qasd qilishlik qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntirib berish kerak.
Shuningdek muftiy, imomlar o’z malakalarini doimiy ravishda oshirib borishlari zarurligini, belgilab o’tdi. Rahmatullo Egamberdiev mamlakatda jinoyatchilik darajasi pasayganini va bunda diniy idora, imomlar va da’vatchilarning ham xizmatlari borligini aytib o’tdi.
Turkiston: Bugungi kunda Qirg’izistonda Islom dinining nufuzi oshib, jamiyatning barcha qatlami, hususan yoshlar o’rtasida Islom diniga bo’lgan qiziqish, uni faqat ibodat va axloqdangina iborat emas, balki o’z tuzumiga ega bo’lgan mabda sifatida tushinadiganlar safi ortib bormoqda. Bu jarayon hukumatni tashvishga solishi aniq. Shuning uchun ham hukumat boshliqlari Islom diniga qarshi kurashda “sopini o’zidan chiqarishga” harakat qilmoqdalar.
Buning uchun eng maqbul yo’l, Islom dinini faqatgina ibodat va axloqdan iborat deb tushinadigan hamda ilmoniy jamiyat bilan Islomni muvofiqlashtirishga harakat qiladigan, hukumat chizib bergan yo’ldan chiqmaydigan imomlardan foydalanishga urinishi tabiiy.
Bunday uslub O’zbekistonda uzoq vaqtlardan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Karimov o’zining 24 yildan oshgan boshqaruvi mobaynida O’zbekistondagi ayrim din ulamolarini o’z nag’orasiga o’ynatib kelmoqda. Bu din ulamolari va imomlar esa Karimov chiqargan har qanday qaror yoki qonunlarni Allohdan kelgan hukmdek, Qur’on va Hadisni ta’vil qilib, bu qonunlarga moslashtirib musulmonlarni adashtirishda kim o’zarga musobaqaga kirishib ketishdi. Hatto hijob arablarning milliy kiyimi, maktab, kollej va litsey o’quvchilariga namoz o’qish hamda Juma namoziga chiqish farz emas, deb fatvo berish darajasigacha borishdi.
Karimov bilan hamkorlik qilishni xohlamagan va ohiratini dunyoni arzimas matosiga almashtirishni istamagan juda ko’plab olimlar esa qamoqqa tashlandi, ta’qibga olindi yoki jismonan yo’q qilindi.
Biz Qirg’izistondagi din ulamolarini ham o’z ohiratlarini arzimas dunyo matosiga almashtirmaslikni, o’z iymonlarini yo’qotmaslikni hamda Abud-Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan, Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ulamolar payg’ambarlarning merosxo’rlaridir. Payg’ambarlar dinor va dirhamni meros qoldirmadilar, lekin ular mana shu ilmni meros qildilar. Kim uni olgan bo’lsa, etarli ulushni olibdi”. (Ibn Moja rivoyati, Alboniy sahih degan) hadisida zikr qilingan ulamolardan bo’lishlarini tilab qolgan bo’lar edik.