Siqatu Billahning
1 – Zakot vojib bo’lgan ekinlar va mevalarning turlariga,
2 – Rikozga aloqador hukmlarga oid savollariga javob
Savol:
Ulug’ amirimiz va shayximiz, qaysi turdagi ekinlar va mevalarga zakot vojib bo’ladi? Masalan, o’simlik yog’iga ham zakot chiqaradiganlar bor. Buning tartibi qanday bo’ladi?
Ma’lumki, rikozda (topilmada) xums (beshdan birini baytulmolga topshirish) bor. Mening savolim quyidagicha: Agar bir odam usmoniy askarlarga tegishli xazinani topib olsa, bu odam bu topilmaning xumsini berganidan keyin unga egalik qila oladimi, yoki bu topilma islomiy davlatning mulki bo’lib, uni omonat sifatida saqlab Allohning izni ila Xalifalik tiklanganida bu topilmani Xalifalikka qaytaradimi?
Alloh sizga barakotli ato etsin. Abu Hisomiddin – Tarqumiya – Xalil – Falastin
Javob:
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh
1 – Zakoti vojib bo’lgan ekinlar va mevalarning turlari bug’doy, arpa, xurmo va mayizdir. Hadislarda zakot shu to’rt turli ekinga cheklangan. Boshqa ekinlar zakot vojib bo’lgan ekinlar turiga kirmaydi. Bunga dalillar:
a) Muso ibn Talha Umar r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Umar r.a. dedi: «Albatta Rosululloh s.a.v. zakotni to’rt turli ekinga: bug’doy, arpa, xurmo va mayizga joriy qildilar». Bu hadisni Tabaroniy rivoyat qilgan. Muso ibn Talhadan rivoyat qilingan yana bir hadisda u aytdi: «Rosululloh s.a.v. Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborgan paytda uni bug’doy, arpa, xurmo va uzumdan sadaqa olishga buyurdilar». Bu hadisni Abu Ubayd rivoyat qilgan. Bu hadislar ekinlar va mevalardan zakot faqat shu to’rt tur: bug’doy, arpa, xurmo va mayizdan olinishini va boshqa turdagi ekinlar va mevalardan olinmasligini bayon qiladi. Chunki birinchi hadis cheklashga dalolat qiladigan إِنَّمَا lafzi bilan keldi.
b) Hokim, Bayhaqiy va Tabaroniy Abu Muso va Muozdan rivoyat qiladi: Rasululloh s.a.v. Abu Muso va Muozni odamlarga din ishlarini o’rgatish uchun Yamanga yuborayotib bunday dedilar:
«لاَ تَأْخُذَا الصَّدَقَةَ إِلاَّ مِنْ هَذِهِ الْأَرْبَعَةِ: الشَّعِيرِ، وَالْحِنْطَةِ، وَالزَّبِيبِ، وَالتَّمْرِ»
«Sadaqani faqat ushbu to’rt narsadan: arpa, bug’doy, mayiz va xurmodan olinglar». Bu hadis haqida Bayhaqiy «Roviylari ishonchli va muttasil (uzilmagan)» degan. Bu hadisda zakotning shu to’rt turli ekin va mevalarga cheklanishi ochiq ravshandir. Chunki إِلاَّ lafzidan oldin inkorni yoki qaytariqni ifodalovchi harf ishtirokidagi so’z kelsa, o’zidan oldingi so’zni keyingi so’zga cheklab qo’yadi. Ya’ni sadaqani o’zidan keyin kelgan shu to’rt turli ekin va mevalarga cheklab qo’yadi. Bu ekin va mevalar: arpa, bug’doy, mayiz va xurmodir.
v) Hadislarda kelgan bug’doy, arpa, xurmo va mayiz lafzlari jomid ismlar bo’lgani uchun bu lafzlar boshqa ekin va mevalarni mantuqan ham, mafhuman ham o’z ichiga olmaydi. Chunki bular sifatlarning nomlari ham, ma’nolarning nomlari ham emas. Balki bu nomlar bular bilan nomlangan va shu nomlar berilgan narsalarga cheklangan. Shuning uchun bu lafzlardan quritish yoki zaxira qilib qo’yish ma’nolari olinmaydi. Chunki bu lafzlar bu ma’nolar va sifatlarni ifodalamaydi. Zakotning vojibligini shu to’rt turli ekin va mevalarga cheklab kelgan hadislar «Yomg’ir suvi bilan sug’orilgan erlardan ushr, chelak yoki charhpalak orqali sug’orilgan erlardan ushrning yarmi to’lanadi» degan hadisdagi umumlikni ifodalaydigan lafzlarni xoslab keladi. Bu bilan bu hadisning ma’nosi «Yomg’ir bilan sug’orilgan bug’doy, arpa, xurmo va mayizdan ushr to’lanadi, chelak yoki charxpalak bilan sug’orilsa ushrning yarmi to’lanadi» deb tushuniladi.
g) Bu to’rt turdan boshqa turdagi ekin va mevalarga zakot vojib bo’lmaydi. Shuning uchun makkajo’hori, guruch, loviya, no’xot, yasmiq va bulardan boshqa ekinlardan zakot olinmaydi. Shuningdek olma, nok, shaftoli, o’rik, anor, apelsin, banan va bulardan boshqa meva turlaridan zakot olinmaydi. Chunki bularni bug’doy, arpa, xurmo, mayiz lafzlari o’z ichiga olmaydi. Shuningdek bularni sanab o’tgan sahih dalil ham kelmagan, bu haqda ijmo ham yo’q va bu haqda qiyos ham kilinmaydi. Chunki zakot ibodatlardan bo’lib ibodatlarda qiyos qilinmaydi va ularda nasga cheklaniladi. Shuningdek tarra, bodring, oshqovoq, baqlajon, sholg’om, sabzi kabi sabzovotlardan ham zakot olinmaydi. Umar, Ali, Mujohid va boshqalardan rivoyat qilinishicha, sabzovotlardan sadaqa olinmaydi. Buni Abu Ubayd, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan.
2 – Savolning ikkinchi qismi, ya’ni rikoz haqida aytadigan bo’lsak, kim bir rikoz (topilma) topib olsa uning beshdan birini Islom davlatiga topshiradi. Davlat uni musulmonlar manfaatiga ishlatadi. Qolgan to’rt qismi topilmani topgan odam uchun qoladi. Faqat bu odam topilmani boshqaning eridan topmagan bo’lishi shart.
Agar bugungi kundagidek Islom davlati mavjud bo’lmasa topilmani topgan odam uning beshdan birini faqirlar, miskinlarga beradi va musulmonlarning manfaatiga ishlatadi, bu bobdagi haqni izlaydi (ya’ni faqirlar va miskinlarga bergani yaxshimi yoki musulmonlar manfaatigami, shu borada izlanadi). Qolgani uniki.
Bunga dalil:
a) Rikoz erga ko’milgan oltin, kumush, javohirlar, marvaridlar yoki bulardan boshqa zeb-ziynatlar va qurollar kabi boyliklardir. Bular misrliklar, bobilliklar, assuriylar, sosoniylar, rumliklar, greklar va bulardan boshqa qadimgi qavmlarning ko’milgan xazinalari bo’lishi, podshohlari va buyuk odamlari qabridan yoki vayronaga uchragan qadimgi shaharlarining qo’rg’onlaridan topilgan pullar, zeb-ziynatlar va javohirlar bo’lishi ham mumkin. Bundan tashqari johiliyat davridagi yoki Islomning o’tmish davridagi er tubiga xumga yashirilgan tilla va kumush tangalar bo’lishi ham mumkin. Bularning barchasi rikoz hisoblanadi.
Rikoz «ركز, يركز» (maxfiy bo’ldi) fe’lidan ishtiqoq qilingan. Agar nayza ko’mib qo’yilsa, ركز الرمح nayza yashirin bo’lib qoldi, deb aytiladi. Maxfiy ovozga «rikz» deyiladi: Alloh Taolo aytadi:
«Yoki ovozlarini eshiturmisiz?!» [Maryam 98]
Ammo ma’dan esa Alloh Taolo eru osmonni yaratgan kunda erda yaratgan oltin, kumush, mis, qo’rg’oshin va boshqa qazilma boyliklaridir. Ma’dan «عدن» (bir joyda o’rnashish) fe’lidan ishtiqoq qilingan. Jannat abadiy qoladigan joy bo’lgani uchun «Adn» deb nomlangan. Ma’dan odamlar ko’mgan boyliklar emas, balki Alloh Taolo er ostida yaratib qo’ygan boyliklardir. Shunisi bilan u rikozdan farq qiladi. Chunki rikoz odamlar ko’mgan boylikdir.
b) Rikoz va ma’dan hukmlarining asli quyidagi hadislardir: Abu Hurayra r.a. rivoyat qilgan hadisda Nabiy s.a.v. dedilar:
«اَلْعُجْمَاءُ جُرْحُهَا جُبَارٌ، وَفِي الرِّكَازِ الْخُمْسُ»
«Bo’shalib ketgan hayvonning talofati to’lanmaydi. Rikozdan xums beriladi». Bu hadisni Abu Ubayd rivoyat qilgan. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda Nabiy s.a.v.dan eski xarobadan topilgan boylik haqida so’ralganida:
«فِيهِ وَفِي الرِّكَازِ الْخُمْسُ»
«Bundan va rikozdan xums beriladi», deganlar. Ali ibn Abu Tolib r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy s.a.v. dedilar:
«وَفِي السُّيُوبِ الْخُمْسُ. قَالَ: وَالسُّيُوبُ عُرُوقُ الذَّهَبِ وَالْفِّضَّةِ الَّتِي تَحْتَ الْأَرْضِ»
«Suyubda xums bor. Suyub er ostidagi oltin va kumush zoti». v) Shunga binoan qabrlardan, qo’rg’onlardan, oldingi qavmlarning shaharlaridan, o’lik erlardan, eski xarobalardan topilgan oltin, kumush, zeb ziynatlar, javohirlar va bulardan boshqa ko’milgan har qanday boyliklar, bu boyliklar johiliyat davrida ko’milgan yoki musulmonlar ko’mgan bo’lishidan qa’iy nazar topib olgan odamning mulki bo’ladi. Bu odam bu boylikning beshdan birini baytulmolga beradi.
Shuningdek birortasining mulki bo’lmagan o’lik erdan topilgan oltin yoki kumushdan iborat (bu oltin yo kumushning zoti bo’ladimi yoki qumi bo’ladimi, farqsiz) id (oqar suv kabi) bo’lmagan, ya’ni miqdori cheklangan har qanday ma’dan topib olgan odamning mulki bo’ladi. U bu boylikdan beshdan birini baytulmolga beradi. Ammo bu ko’milgan boylik miqdori cheklanmagan kon bo’ladigan bo’lsa, bu kon umumiy mulk bo’lib, buning tafsiloti boshqachadir.
Rikoz yoki ma’danni topib olgan odamdan olinadigan xums fay darajasida bo’ladi va u fayning hukmini oladi. Uni baytulmolning o’lja va xiroj devoniga qo’yiladi, o’lja va xiroj sarf qilinadigan joyga sarf qilinadi. Bu ish xalifaga topshirilgan bo’lib, xalifa o’z ijtihodiga muvofiq Ummatning ishlarini boshqarishga va manfaatlarini amalga oshirishga ishlatadi.
g) Biror odam o’zining mulki bo’lgan er yoki binodan rikoz yoki ma’dan topib oladigan bo’lsa, bu uning mulki bo’ladi. U bu er yoki binoni meros qilib olganmi yoki boshqasidan sotib olganmi, buning farqi yo’q. Agar biror odam boshqa odamning eri yoki binosidan rikoz yoki ma’dan topib oladigan bo’lsa, bu topib olgan odamning emas, balki er yoki bino egasining mulki bo’ladi.
Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta
5 muharram 1435h 8 noyabr 2013m