Avstraliyada joylashgan Walk Free tashkiloti tarafidan o’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, dunyoda 30 millionga yaqin inson qullikda hayot kechiradi. Bu qog’ozga tushgan raqamlar. Ammo asl raqamlar qog’ozdagisidan bir necha bor ko’p bo’lishi hech kimga sir emas.
Hisobotda aytilishicha, qullikda hayot kechirayotlar asosan majburiy mehnat qurbonlari, jinsiy qullikga majbur qilinganlar va qarzini mehnati bilan uzayotganlardir. Ular orasida qullikda tug’ilganlar ham bor.
Tadqiqot natijalariga ko’ra, Qirg’izistonda har yili besh minga yaqin inson qullikka yuz tutadi. Ularning aksariyati Rossiya va qozoqistonga ish izlab ketgan mehnat muhojirlaridan iborat. Turkiya va Arab o’lkalariga jinsiy qulchilikka ketganlar ham shular jumlasidan.
Zamonaviy qullik ko’rsatkichlarida O’zbekiston ham salmoqli o’ringa ega. O’zbekistondagi qullik ko’rsatkichlarining yuqori bo’lishiga asosan mamlakatdagi majburiy paxta kampaniyasi sabab ekani aytiladi.
Mavritaniya aholisi qulchilikda hayot kechirish borasida dunyo davlatlari orasida oldingi safda turadi. U erda qulchilik avloddan avlodga ulanib kelayotganlari ham mavjud. Biroq qullarning deyarlik yarmini hindlar tashkil qiladi. Global qullik bo’yicha 2013 yilgi ko’rsatgich hozirda Hindistonda 14 million kishi qullik sharoitida hayot kuchirayotganini tasdiqdaydi.
Shuningdek, Xitoyda 2,9 million kishi, Pokistonda 2,1 million kishi, Rossiyada esa 516 ming kishi qullikda kun kechirmoqda, deyiladi hisobotda.
Dunyo etakchiligini da’vo qilayotgan AQShning o’zidagi ahvol ham o’ta abgor. Aholini ro’yxatga olish byurosi bergan ma’lumotga ko’ra, mamlakatda har etti kishidan biri qashshoqlikda kun kechiradi. AQSh fuqarosi Barbi Izkiyerdo ana o’shalarning biri.
“Umr bo’yi yo’qsillikda yashadim. Bolalarimni och holatda uxlatish oson emas. Pulni tejashga harakat qilaman, ertangi kunimizga ham etsin deb, shunga ular to’yib ovqatlanmaydi. Ular och yotmasin deb, ko’p hollarda o’zimning ulushimni ham ularga beraman”, – deydi bu ayol.
Amerikada Izkiyerdo kabi 46 yarim million odam faqirlikda yashaydi. Vashingtondagi KATO tahlil instituti xodimi Maykl Tanner hukumatni layoqatsizlikda aybladi. “Har yili federal va shtatlar darajasida qashshoqlikka qarshi dasturlar uchun bir trillion dollarga yaqin pul sarflanadi, ammo haligacha bu siyosatning samarasini ko’rmadik, muhtojlar kamaygani yo’q. Bu ishni yaxshi bajarmayotganimizdan dalolat, demak, boshqa chora izlash zarur”, – deydi Tanner.