16 oktyabr kuni Toshkentda ochilgan navbatdagi xalqaro paxta yarmarkasida bosh vazir Shavkat Mirziyoev, O’zbekiston yaqin bir necha yil ichida paxta terimini mexanizatsiyalashni rejalashtirilayotgani haqida aytdi.
Bosh vazirni so’zlariga ko’ra, 2016 yilga borib etishtirilgan paxtani 80-90 foizini texnika bilan terib olish rejalashtirilmoqda. “Biz paxta teruvchi mashinalarni takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz. Xozir yangi turdagi paxta teruvchi mashinalar sinovlari ketmoqda, ularda eng zamonaviy texnik yangiliklardan foydalanildi”,- dedi Mirziyoev.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, xozirgi vaqtda paxta terimiga Toshkent traktor zavodida ishlab chiqarilgan mingdan ortiq paxta terish mashinasi jalb qilingan.
Turkiston: Ko’p yillardan buyon paxta mavsumi boshlanishi bilan O’zbekistonning barcha fuqarolari paxtakorga aylanishi tabiiy holga aylanib qolgan. Hukumat yosh bolali ayollardan tortib nafaqaxo’r onaxonlargacha, o’spirin yigitlardan tortib keksa otaxonlargacha, o’qituvchiyu talabalar, shifokoru bemorlar barchani paxta terimiga chiqishlikka majbur qiladi. Xatto masjidlarda jum’a kunlari bo’ladigan mavizalar ham paxta terimiga bag’ishlanadi. Masjid imomlari o’zlaridagi bor “ilm”ni ishga solib paxta terishni vojib darajasiga olib chiqishadi.
O’zbekiston har yili 3,5 million tonnaga yaqin paxta etishtiradi va 1-1,2 million tonna paxta tolasi olinadi. O’zbekiston paxta etishtirish bo’yicha dunyoda oltinchi o’rinni, eksport qilish bo’yicha esa uchinchi o’rinni egallaydi. Paxtani eksportidan har yili yuzlab million dollar daromad oladi. Biroq oddiy odamlarning peshona teri va xatto joni evaziga etishtirilib, terib olinadigan paxtadan tushgan bu daromadlar qayoqqa sarflanishi sirligicha qolaveradi.
Bosh vazir aytgan mingdan ortiq “zangori kema”larning aksari esa traktor parklaridan nariga chiqmay ishsiz yotipti. Ishga chiqqanlarini bo’lsa paxtani juda sifatsiz terganligi sababli fermerlarni o’zlari terimga solishga ko’nishmayapti. Bundan tashqari dizel yoqilg’isini qimmatligi sababli hukumat uchun eng maqbul yo’l, arzon ishchi kuchi bo’lgan “xasharchi”lardan unumli foydalanishdir.
O’z haq-huquqlaridan bexabar bo’lgan o’zbekistonliklar esa faqat bir xovuch amaldorlar manfaatdor bo’lgan “milliy boylik”ni terib olishga ixtiyoriy-majburiy ravishda safarbar qilinaveradilar.