Yaqinda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashgan Amerika kongressmenlarining aytishicha, O’zbekiston Amerikadan harbiy madad so’ramoqda, deya habar qiladi Amerika ovozi.
11, 12 va 13-mart kunlari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq yuqori darajali delegatsiya Vashingtonda bo’lib o’tishi rejada.
O’zbekistondan tashrif buyuradigan guruh tarkibida Mudofaa va Tashqi savdo singari vazirliklar, Milliy xavfsizlik kengashi va Oliy Majlis a’zolari, xususan Senatdan Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Sodiq Safoyev va Qonunchilik palatasidan Demokratik institutlar va nodavlat tashkilotlar raisi Akmal Saidov bo’lishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Komilov AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashishi ham rejalangan. Kongressda O’zbekistonga harbiy yordamni oshirish muhokama qilinmoqda.
Ism-sharifi oshkor etilmasligini so’ragan ishonchli manbalarga ko’ra, Obama ma’muriyati O’zbekiston chegara xavfsizligini mustahkamlash maqsadida respublikaga bir necha maxsus moslama uzatadi. Ular asosan pilotsiz ishlaydigan va kuzatuvchilik vazifasini bajaradigan kichik hajmdagi havo vositalari, deya tushuntiradi rasmiylar. Bu borada Kongressga bir oy oldin nota yuborilgan. Qonunchilar qarshi emas.
Inson huquqlari himoyachilari “O’zbekistondek vijdonsiz tuzumga harbiy yordam berish diktaturani quvvatlashdir” desa, boshqalar bunday ko’mak orqali Vashington Toshkent ustidan ta’sir kuchiga ega bo’ladi, deya bahslashadi.
Respublika bilan xavfsizlik bobida birga ishlamay iloj yo’q, deya izoh bergan edi Obama ma’muriyati.
Yaqinda mintaqaga safar qilib, Toshkentda prezident Islom Karimov huzurida bo’lgan etakchi kongressmen, Kaliforniya shtatidan respublikachi Dana Rorabakerning aytishicha, O’zbekiston hukumati AQSh delegatsiyasiga bir narsani ochiq aytgan:
“Karimov ma’muriyati xavfsizlik kuchlari va armiya qo’lidagi vositalarni yangilashga bel bog’lagan. Sovet davridan qolgan, asosan Rossiyadan kelgan qurol-aslaha va jihozlarni Amerika mahsulotlariga o’zgartirmoqchi… Buni bizga ochiq aytishdi. Endi, bilamizki, O’zbekiston huquq bobida oldinga siljimayotgan, repressiv tuzum. Lekin Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonidek inson huquqlarini keng poymol etadigan tuzumlarni qurol-aslaha bilan ta’minlab keladi. Vaholanki, qirollik dunyo bo’ylab terrorizmga homiylik qiladi. O’zbekiston esa terrorga qarshi kurashda bizga ittifoqchi. Xo’sh, nima uchun bu davlatga qurol bermasligimiz kerak? Kimga qurol uzatish-uzatmaslikni qanday tamoyillarga asosan hal qilayapmiz?” – deya so’raydi kongressmen Rorabaker.
“Askarlarimiz Afg’onistonni tark etadi, ammo biz mintaqada hali uzoq bo’lamiz. Tinchlik uchun O’zbekiston nihoyatda muhim. Eng yirik jamiyat u. Maqsad – bu xalq bilan hamkorlikni kengaytirish, har sohada. Muntazam muloqot samara beradi. O’zbekistonni taraqqiyot tomon undash AQSh uchun faqat foyda”, – deydi Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibi muovini.