Qirg’iziston: Rossiya fuqarosi bo’lmish o’zbek yigiti oqlanib qamoqdan ozod etildi, ammo qirg’izlarning noroziligidan cho’chigan militsiya uni yana qamamoqchi

0
502

22.01.2013 11:25 msk

Farg’ona

“Farg’ona” agentligiga ma’lum bo’lishicha, Qirg’izistonda o’tgan yili oktyabr oyida “Sanpa ishi” doirasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Rossiya fuqarosi, millati o’zbek Shamshiddin Niyozaliev butunlay oqlanib chiqdi.

Sudlanuvchining advokati Tatyana Tomina “Farg’ona” agentligiga aytishicha, ushbu ish bo’yicha apellyatsiya shikoyati Jalolobod viloyat sudida ko’rilgan bo’lib, sud uni barcha epizodlar bo’yicha oqlagan. Eslatib o’tamiz, Niyozaliev ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, odam o’ldirish, talonchilik, noqonuniy qurol saqlash va mulkni yo’q qilishda ayblangan. Bundan tashqari, Niyozaliev Rossiya pasportiga ega bo’lgan holda Qirg’iziston hududi bo’ylab noqonuniy harakatlanib yurgani uchun 3200 dollar jarimaga tortilgan.

“Aybi isbotlanmagani, tergovchi ishni olib borishda ko’plab hujjatlarni soxtalashtirgani bois Niyozaliev butunlay oqlandi. Jabrlanganlar esa sud majlisiga kelmadilar. Niyozaliev oqlanishi bilanoq Suzoqdagi uyiga ketdi. Biroq uning ortidan konvoychilar o’sha zahotiyoq uyiga kelib, boshliqning buyrug’iga binoan ROVDga borishi lozimligini bildirdilar. Biz (men va Niyozalievning ikkinchi advokati Ulug’bek Usmanov) “mijozimiz oqlangan, shuning uchun hech qaerga bormaydi”, deb aytdik. Bir-muncha vaqt o’tib Suzoq ROVD boshlig’ining shaxsan o’zi Niyozalievning uyiga kelib, o’zi bilan olib ketmoqchi bo’ldi. “Nimaga asosan borishi kerak?” deb so’radik. “U IVSda buyumlari qolgani uchun bizga e’tirozi yo’qligi to’g’risida jurnalga imzo chekishi kerak”, dedi militsioner. “Bunaqa nizom qaerda bor ekan?” de so’radik. “Bu mening nizomim”, deya javob berdi u. Shunday qilib, uni yana ROVDga olib kirmoqchi bo’ldilar”, – deydi Tomina.

“Bir oz vaqt o’tganidan keyin Niyozalievning uyiga Suzoq TIIB jinoyat qidiruv bo’limining boshlig’i va Suzoq tumani prokuraturasining xodimi keldilar. Ular oqlangan Niyozalievning ROVDga qaytishini talab qildilar. Suzoq ROVD boshlig’i polkovnik Almaz Malabaev “ertaga Niyozalievning oqlanganini eshitgan olamon ko’tarilsa, ularni kim to’xtatadi, sizmi?” deb ta’na qildi. “Bu sizning ishingiz, odamlarga Niyozalievning oqlanganini tushuntirib berish”, deya e’tiroz bildirdik. Biz Niyozalev bugun ertalab soat 10 da ROVDga borib nimanidir imzolab qaytishiga kelishib oldik”.

Advokatlar Niyozalievni yana qamab qo’yishlari mumkinligidan xavotirlanmoqda. “Niyozaliev ROVDga olib kelinganidan keyin chiqarilmasligi ham mumkin, ular hibsga olish uchun yangi ishni soxtalashtirishdan ham toymaydilar”.

Advokatlar Niyozalievning Rossiya fuqarosi ekanligini hisobga olib, bo’lib o’tgan ishlar haqida so’zlab berish uchun Rossiya Federatsiyasining O’shdagi Bosh konsuliga murojaat qildilar. Konsulxonaning javobi hozircha noma’lum. “Farg’ona” voqea rivojlanishi ortidan kuzatib boradi.

“Farg’ona” xalqaro axborot agentligi

Izohlar yo'q