O’zbekiston Arab bahoridan hamon tashvishda

0
738

Ozodlikning xabar qilishicha, arab mamlakatlaridagi inqiloblar ortidan O’zbekiston hukumati Internet ustidan nazoratni shu kunlarda yana ham kuchaytirgan. O’zbekistonda Internet kafelari maxsus xizmatlar tomonidan nazorat qilinishi va kafe egalari doimiy ravishda shubhali sanalgan vebsahifalarga kirayotgan mijozlar haqida xabar berishga majbur ekanligi hozir hech kimga sir emas. Bugunga kelib, O’zbekistonda o’quvchilarning Internet kafelariga borib, qanday saytlarga kirishini va nima o’qib, qanday o’yin o’ynayotganini kuzatish uchun maktab o’qituvchilari Internet kafelarida navbatchilik qilmoqda.

Toshkentning Sirg’ali tumani maktablardan birining o’quv ishlari bo’yicha mas’uli, o’qituvchilar haqiqatan ham bundan keyin Internet kafelarida navbatchilik qilishlarini tasdiqladi. – Sinf rahbarlari har doim buni nazorat qiladi, ma’anaviyatchimiz ishlaydi bu bilan. Dejur (navbatchi demoqchi-tahr.) o’qituvchilarimiz borib-borib nazorat qilib keladi,- dedi o’z ismini aytmagan maktab mutasaddisi. Toshkentning Ulug’bek posyolkasidagi “Bomond” Internet kafesi xodimi ham maktab o’qituvchilari navbati bilan bolalarni qanday saytlarga kirishini nazorat qilib turishganini aytdi. – O’qituvchilar navbatchilikka kelishadi. Internet kafemizga yaqin to’rtta maktab bor. Shu maktablardan o’qituvchilar kelib, shu erda o’tirishadi,- deydi “Bomond” Internet kafesi xodimi. O’zbekistonda muxolif qarashdagi saytlar, shuningdek mustaqil axborot saytlarga to’siq qo’yilgan. Ammo, bu saytlarga turli aylanma yo’llar orqali kirish imkoni saqlanib qolmoqda. O’quvchilar Internet kafelarida nazorat qilinsa ham ularning ko’pchiligi qo’l telefonlari orqali erkin fikrli saytlarga bemalol kirmoqda. O’zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov fikricha, O’zbekistonda o’qituvchilarni masjidlar va Internet kafelariga qorovul qilib qo’yish g’irt bema’nilikdir. – Chunki oyni etak bilan yopib bo’lmaydi. Undan ko’ra, bolalarni yaxshini yomondan farqlashga o’rgatish samaraliroqdir. Menimcha, bu borada yoshlarimizda muammo yo’q,- deydi Ismoilov.

Abduraxmon:

Izohlar yo'q