Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirlari uchrashishdi

676
0

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirlari uchrashishdi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha Toshkent shahriga kelgan Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqida “Sputnik” xabar qilmoqda.

“Suhbat chogʻida qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida turli darajalarda, avvalo davlat rahbarlari oʻrtasida muntazam hamkorlik oʻrnatilgani tufayli ikki tomonlama munosabatlarda misli koʻrilmagan doʻstona muhit yaratildi, bu esa toʻplanib qolgan muammolarni izchil hal etish va hamkorlikning yangi bosqichiga koʻtarishga imkon berdi”, – deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida.

Vazirlar asosiy eʼtiborni siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarni 2019-yilda va istiqbolda yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlarga qaratdilar.

Uchrashuvda 2018-yilning 11 oyi davomida oʻzaro savdo hajmi 2017-yilning ushbu davriga nisbatan 55 foizga oshib, 363 million dollarni tashkil etgani qayd etildi.

“Oʻzbekistonning chegaraoldi viloyatlarining hokimlari va Qirgʻiziston Hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashi majlislarini ikki davlat Bosh vazirlari rahbarligida muntazam ravishda oʻtkazilishi ikki tomonlama munosabatlarda muhim rol oʻynaydi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, 12-13-yanvar kunlari Samarqand shahrida Afgʻoniston ishtirokida boʻlib oʻtadigan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi uchrashuvi kun tartibiga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu shakldagi forum turli yoʻnalishlardagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish imkonini berishiga ishonch bildirdilar.

Muzokaralar yakunida tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ikki tomonlama va Markaziy Osiyo shaklidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga sodiq ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.