Yahudiylarning Livanga qarshi urushidagi o‘zgarishlar

0
11

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Yahudiylarning Livanga qarshi urushidagi o‘zgarishlar

Muhandis Mujdiy Ali

Taxminan bir oy oldin, yahudiy vujudi bilan Eron hizbi yoki uning matbuoti aytganidek, islomiy qarshilik harakati tamsil etgan Livan o‘rtasidagi urush jiddiy eskalatsiyaga guvoh bo‘ldi. Ayniqsa, 2024 yil 27 sentyabrda Eron hizbi Hasan Nasrulloh janubiy chekka hududdagi u joylashgan chuqur yer osti inshootida havo hujumi orqali o‘ldirilganidan keyin urush keskinlashib ketdi. Xususan, 2024 yil oktyabr oyining boshida yahudiy vujudi quruqlik operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. U bu operatsiyaning cheklanganligini, qishloqlar va chegara hududlaridagi Eron hizbining obyektlari va tunnellar nishonga olinishini aytdi. Keyin, AQSH elchisi Amos Xoxshteyn tashrif buyurib, parlament spikeri Nabih Berri boshchiligidagi Livan rasmiylari bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin Nabih Berri ishlar yaxshi ekanligini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, yahudiy vujudi poytaxt Bayrutdagi Rafiq Haririy davlat shifoxonasi yaqinida misli ko‘rilmagan portlashni amalga oshirdi. Shu bilan birga, yahudiylarning aytishicha, Eron hizbi yoki dala qo‘mondonlarining manfaatlarini nishonga olish davom etdi.

Eron hizbi yetakchilik darajasida jiddiy talafotlarga uchraganiga qaramay, u hali ham yahudiy kuchlarining quruqlikdan kirib kelgan hududlarga joylashish urinishlariga qarshi samarali javob qaytarib, yahudiylarni harbiy jihatdan insoniy va moddiy yo‘qotishlarga uchratmoqda. U chegara yaqinidagi askarlar to‘planib turgan joyga ham, Falastining 48-yilda bosib olingan ichkari shaharlariga ham zarba berishga hali ham qodir. Hatto U Livandan uchirilib, yahudiy vujudining barcha mudofaa to‘siqlarini yorib o‘tgan dronlar bilan yahudiylar bosh vaziri Netanyaxuning uyiga zarba berishga ham erishdi. Eron hizbi o‘z amaliyotlarining kengayishi va ularning xarakteridan kelib chiqib, Livan janubiga qarshi harbiy operatsiyaning boshlanish nuqtasi bo‘lgan aholi punktlari aholisini evakuatsiya qilish to‘g‘risida ogohlantirdi.

Bu voqealar yahudiy vujudi Eronga qarshi hujum boshlagan va uni 2024 yil 26 oktyabr shanba oqshomida amalga oshirgan muhitga to‘g‘ri keldi. Chunki Amerika tomonidan o‘z orbitasidagi davlat bo‘lgan Eron rejimini himoya qilish maqsadida zarba hajmini kamaytirish uchun bosim bo‘lgani aniq ko‘rindi. Shuningdek, Eronga zarba berilishidan bir necha soat oldin, yahudiy armiyasi matbuot kotibi Xagari va boshqa qo‘mondonlarning bir yoki ikki haftadan keyin quruqlik operatsiyalari yakunlangani e’lon qilinishi mumkinligi haqidagi bayonotlari yangradi.

Shu o‘rinda, Xagarining Yahyo Sinvar rohimahulloh o‘ldirilganining ertasiga bergan bayonotlarini alohida aytib o‘tish lozim. U «Hamas harakati harbiy qanoti ajratilmasdan yo‘q qilinadi» deb aytgan oldingi bayonotlaridan farqli o‘laroq, «urushdan ko‘zlangan maqsadlar aniq, jumladan, Hamasning harbiy qanotini yo‘q qilish», deb aytdi. The Wall Street Journal gazetasi yahudiy vujudidagi xavfsizlik xizmati xodimiga tayanib nashr qilgan va Al-Jazira undan iqtibos keltirgan bayonotlarga ko‘ra, Eron hizbini siyosiy va ijtimoiy harakat sifatida yo‘q qilish yahudiy vujudining urushdan ko‘zlagan maqsadi emas.

Bu bayonotlardan shuni tushunish mumkinki, bu operatsiyalardan Amerika va yahudiylarning ko‘zlagan maqsadi mintaqadagi ikki eng kuchli harbiy tashkilot hisoblangan Hamas va Livandagi Eron hizbining harbiy qanotidir. Ammo ko‘rinib turibdiki, Netanyaxuning bu bosqichda Amerika xohlagan chegaradan o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan ambitsiyalari, shuningdek, uning, mintaqada boshqa raqobatchi kuchning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, Eron imkoniyatlarini yo‘q qilishga bo‘lgan uzoq yillik urinishlari mintaqada Eron bilan hamkorlik qilayotganlarni ham o‘z ichiga oladi. Shuning uchun Netanyaxu va u bilan birga bo‘lgan ekstremistlar Livan janubidagi hududlarni egallashga harakat qilishdi. Ayniqsa, noaniq vaziyat va Amerika saylovlarining «kulrang zona»sida, yangi turar joylarni qurish orqali G‘azo shimoliga yahudiylarni o‘rnashtirish mavzusi qayta ochildi. Bu tendensiyalar Amerika xohlagan narsaning, ya’ni harbiy qanotni yo‘q qilishning hech qanday doirasiga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rinadi. Shuning uchun Amerika Eronga berilgan zarbani yumshatishga harakat qildi, shuningdek, yahudiylarni G‘azo shimoliga joylashtirmaslikni va yordamlar kiritilishi zarurligini urg‘uladi. Uning Livan janubida va Falastinning ichki hududlarida Eron hizbining yahudiylarga qarshi zarbalari masalasi bo‘yicha biron bir muhim bayonot bergani eshitilmadi. Aksincha, AQSH elchilarining bayonotlari urishayotgan tomonlar o‘rtasida otashkesimga erishish va Amerika rasmiylari aytganidek, barcha tomonlar bajarmagan 1701 rezolyutsiyani amalga oshirish zarurligiga qaratildi.

Amerika o‘rtaga tashlayotgan bu taklifda 21 kunlik otashkesim nazarda tutilgan, shu shart bilanki, Livan o‘zi bilan yahudiy vujudi o‘rtasidagi yakuniy status uchun darhol tinchlik muzokaralariga kirishishi kerak. Bu shuni ko‘rsatadiki, go‘yo muzokara urushning tabiiy natijasidek, Amerika tomonlarni yakuniy tinchlik muzokaralari stoliga o‘tirishga majburlamoqchi.

Bosh kotib Hasan Nasrullohning noibi sifatida Livandagi Eron hizbiga rahbarlik qilishni zimmasiga olgan shayx Naim Qosimning quyidagi so‘zlari e’tiborga olinadigan so‘zlardir: «O‘tgan sentyabr oyining 17 kunida peyjerlarni portlatish jinoyati sodir etilganidan boshlab, qarshilik harakati qo‘llab-quvvatlash bosqichidan dushman bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urush bosqichiga o‘tdi». U yana shunday dedi: «Dushman quturgan yirtqichga aylandi… Biz dushmanni jilovidan ushlab, uni qo‘rasiga qaytaramiz». Eron hizbi yahudiylarni qaysi qo‘raga qaytarmoqchi?!

Shuning uchun, urushning bugungi holatidan nariga o‘tishi kutilmaydi. Yahudiy vujudi Eron hizbi yetakchilaridan ko‘zlangan maksimal maqsadlarni qo‘lga kiritishga urinishda davom etadi. Eron hizbi ham uning kuchlariga chegarada qarshi turishda va Falastin ichkarisidagi yahudiylar harbiy obyektlariga zarba berishda davom etadi. Agar ish shu sur’atda davom etsa, urush mintaqaviy urushga aylanmaguncha, ayniqsa, AQSH saylovlarining bu muhim bosqichida Amerikani deyarli bezovta qilmaydi. Chunki saylovlarning bu muhim bosqichida respublikachilar ham, demokratlar ham yahudiy lobbisining ovozini, shuningdek, AQSH ma’muriyatining ishlaridan juda norozi bo‘lgan arab saylovchilari ovozini olishga intilmoqda.

AQSH ma’muriyatini hamda unga tobe davlatlar va uning orbitasida aylanayotgan davlatlarni – agar ularning o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari va tuzgan ssenariylari amalga oshmasa – tanalarning parchalanishi yoki qonlarning, ayniqsa, musulmonlar qonining to‘kilishi tashvishlantirmaydi. Zero, ko‘zlangan maqsad shundan iboratki, Amerika butun mintaqadagi, xususan Shom yurtlaridagi boyliklarga – ayniqsa, bu safar bevosita – ega chiqmoqchi. U urush boshlashni istasa ham, «tinchlik»ka erishishni istasa ham avvalo o‘zining hayotiy manfaatini o‘ylaydi. Biroq Amerikaga, shuningdek, uni qo‘llab-quvvatlayotgan va u bilan birga yurayotgan davlatlarga bizning aytadigan so‘nggi so‘zimiz Alloh Taoloning quyidagi kalomidir:

﴿إِنَّ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ لِيَصُدُّواْ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِۚ فَسَيُنفِقُونَهَا ثُمَّ تَكُونُ عَلَيۡهِمۡ حَسۡرَةٗ ثُمَّ يُغۡلَبُونَۗ وَٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ إِلَىٰ جَهَنَّمَ يُحۡشَرُونَ + لِيَمِيزَ ٱللَّهُ ٱلۡخَبِيثَ مِنَ ٱلطَّيِّبِ وَيَجۡعَلَ ٱلۡخَبِيثَ بَعۡضَهُۥ عَلَىٰ بَعۡضٖ فَيَرۡكُمَهُۥ جَمِيعٗا فَيَجۡعَلَهُۥ فِي جَهَنَّمَۚ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡخَٰسِرُونَ﴾

«Albatta, kofir bo‘lgan kimsalar mol-dunyolarini Allohning yo‘lidan to‘sish uchun ishlaturlar. Bas, uni sarflaydilar-u, so‘ngra o‘sha (mollari) o‘zlariga hasrat bo‘lur, so‘ngra mag‘lub bo‘lurlar. Kofir bo‘lgan kimsalar Alloh nopokni pokdan (kofirni mo‘mindan) ajratishi va nopok kimsalarning hammalarini ustma-ust taxlab, jahannamga solishi uchun to‘planurlar. Ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir»                                                   [Anfol 36-37]

Roya gazetasining 2024 yil 30 oktyabr chorshanba kungi 519-sonidan

Izohlar yo'q