Iyun fojiasi: Muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi ish ochildi

0
148
Iyun fojiasi: Muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi ish ochildi

 Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi 2010-yilda qzo‘g‘atilgan jinoiy ishini qayta tergov qilishni boshladi. Shu bilan bir vaqtda, Muvaqqat hukumatning ayrim a’zolari rasmiylarni 11 yil oldin sodir bo‘lgan voqealarning ba’zi oshkor etilmagan tafsilatlari borligidan ogohlantirishdi.

 MXDQ iyun voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini Jaloloboddagi O‘zbek milliy madaniyat markazining sobiq prezidenti va Jogorku Keneshning sobiq deputati Qodirjon Botirovni mamlakatdan chiqib ketishiga bog‘liq ekanligini ma’lum qildi.

 “2020-yilning may-iyun oylarida respublika janubida sodir bo‘lgan fojiali voqealar ijrochilaridan biri Qodirjon Botirovga mamlakatdan to‘siqsiz va noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, – dedi MXDQ matbuot kotibi Nazgul Kidiraliyeva.

 MXDQ Qodirjon Botirovni mamlakatdan chiqarib yuborilishi bilan bir qatorda, fojianing oldini olishda tegishli choralarni ko‘rmagan Muvaqqat hukumat a’zolari, kuch organlari rahbarlari va viloyat darajasidagi mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini xabar qildi.

 Izoh: Darhaqiqat, 2010-yilning iyun oyida dini bir, bozori va mozori bir bo‘lgan ikki qardosh xalq o‘rtasida sodir bo‘lgan qonli voqealar inson qalbini mahzun qiladigan ish bo‘lgan edi. Ammo, bu xodisalar tabiiy sodir bo‘lmagan, ikki millat o‘z holiga qo‘yib berilsa, ular o‘zaro tinch, qo‘ni-qo‘shni, quda-anda bo‘lib tinch-totuv yashayveradi. Biroq, o‘sha vaqtdagi Muvaqqat hukumat o‘z hokimiyatini saqlab qolish, mamlakatda vujudga kelgan janub-shimol bo‘linishini oldini olish maqsadida ushbu voqealarni sun’iy ravishda paydo qildi. Qonli voqealar vujudga kelishida asosiy rolni qirg‘iz hukumati va kuch organlarida kuchli ta’sirga ega bo‘lgan rus hukumati va maxsus xizmatlari o‘ynagan edi. O‘sha vaqtda ham qonli xodisalardan keyin olib borilgan tergov ishlari noxolis olib borilgan va Muvaqqat hukumat bundan o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishda foydalangan edi.

 Keyinchalik, Atambayev boshqaruvi davrida ham iyun voqealari qayta tergov qilinishga kirishilgan edi. Atambayev ham 2016-yili Bosh prokuraturaga Qodirjon Botirovni mamlakatdan chiqib ketishini tergov qilishni topshirgandi. Bunga Muvaqqat hukumat a’zolarining Atambayev tomonidan taklif qilingan konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga qarshi chiqishlari sabab bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda muvaqqat hukumat a’zolari Atambayevga ochiq qarshi chiqib, amaldagi konstitutsiya dahlsizligini 2020-yilga qadar himoya qilish va mamlakatda avtoritar rejim tiklanishini to‘xtatishga chaqirishgandi. Ochiq murojaatga muvaqqat hukumat a’zolari Roza Otunbayeva, Omүrbek Tekebayev, Azimbek Beknazarov, Ismail Isakov, Elmira Ibraimova, Keneshbek Dүyshobayev, Emilbek Kaptagayev, Bolot Sher imzo chekishgan edi. Atambayev tomonidan iyun voqealarini qayta tergov qilish tahdidi o‘z natijasini berib, ular konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga ortiqcha qarshilik qilishmadi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha 2016-yil 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan referendumdan keyin Atambayevning ushbu topshirig‘i unitildi va “yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoldi”…

 Oktyabr oyidagi navbatdagi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Sadir Japarov Rossiyani rozi qilish ilinjida konstitutsiyaga yana bir bor o‘zgartirish kiritib, mamlakatni parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruviga aylantirish yo‘lida harakatini boshlab yubordi. Bunga sabab, Rossiya uchun o‘z ta’siri ostidagi mamlakatda qattiqqo‘l prezidentlik boshqaruvi bo‘lishi manfaatli. Shuning uchun ham Japarov Rossiya qo‘lloviga suyangan holda mamlakatdagi g‘arbparast kuchlar, xususan, sobiq muvaqqat hukumat a’zolarining jiddiy qarshiligiga qaramay konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazdi. Qonunga muvofiq, 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumning rasmiy natijalari 35 kun ichida e’lon qilinishi kerak. Japarov referendum arafasi, ya’ni 5-aprel kuniyoq MXDQga iyun voqealarni qayta tergov qilishni topshirgan va bu orqali Muvaqqat hukumat a’zolariga o‘ziga xos bir “ogohlantirish” bergan edi. Shu topshiriq natijasida referendum tinch o‘tdi va Japarov o‘zi ko‘zlagan natijaga erishdi. Biroq oldinda xali referendumning rasmiy natijalari e’lon qilinishi turipti. Japarov rasmiy e’londan keyin sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy qarshiliklarni oldini olish uchun ham muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi jinoyat ishi ochtirib qo‘ydi. Agar qarshilik bo‘lsa “hujjatlar” ularga ro‘baro‘ qilinadi. Qarshilik bo‘lmaydigan bo‘lsa bu ish ham 2016-yildagi kabi “unutib yuboriladi”. Chunki, agar ish xolis tekshiriladigan bo‘lsa bu ish ortidan “Rossiyaning izi” chiqishi aniq.

 Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q