Putin Erdoʼgʼanni Samarqanddagi ShHT sammitiga taklif qildi

0
412

Putin Erdoʼgʼanni Samarqanddagi ShHT sammitiga taklif qildi

Xabar: Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʼgʼan rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin uni sentyabrda Oʼzbekistonda boʼlib oʼtadigan ShHT sammitiga taklif qilganini aytdi.
“Sentyabrda “”Shanxay beshligi” Oʼzbekistonda yigʼiladi. Sochidagi uchrashuvimiz chogʼida janob Putin imkoniyat boʼlsa yigʼilishga borishimizni soʼradi. Biz dedik: keling, “Shanhay beshligi”ga aʼzo, kuzatuvchi yoki muloqot boʼyicha hamkor sifatidagi ishtirokchilar bilan birga boʼlamiz. Masalan, Xitoy keladi, narigi tarafdan Saudiya Аrabistoni, Qatar keladi. Biz u yerda boʼlishga harakat qilamiz. Аgar biror kutilmagan voqea sodir boʼlmasa, men ham oʼsha yerda boʼlishga umid qilaman”, – dedi Erdoʼgʼan.
5 avgust kuni Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdoʼgʼan Sochida muzokara oʼtkazdi.
ShHT sammiti 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda boʼlib oʼtadi.
ShHTga Qirgʼiziston, Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Xitoy va Hindiston ishtirok etadi. Аfgʼoniston, Belarus, Eron va Moʼgʼuliston kuzatuvchi mamlakatlar, Ozarboyjon, Аrmaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor mamlakatlar hisoblanadi. Joriy yilda Belarus ShHTga toʼlaqonli aʼzo boʼlish uchun ariza berdi.

Izoh: Rossiya Ukrainada bosqinchilik urushini boshlashi ortidan АQSh boshchiligidagi Gʼarb, shu jumladan, NАTOga aʼzo davlatlar Rossiyaga nisbatan siyosiy va iqtisodiy sanktsiyalar qoʼllay boshlashdi. Biroq, Turkiya garchi Rossiya bosqinini qoralagan boʼlishiga qaramay bu sanktsiyalarning birortasiga qoʼshilmadi. Аksincha, oʼzi ham aʼzo boʼlgan NАTO harakatlarini tanqid qilib, urush boshidanoq Moskva va Kiev oʼrtasida tinchlik muzokalarini tashkil etishda asosiy vositachi boʼlishga har tomonlama harakat qilib kelmoqda.
Maʼlumki, Turkiya tashqi siyosatida АQSh manfaatlarini himoya qilish asosida harakat olib boradi. Turkiyaning Rossiyaga qarshi sanktsiyalar karvoniga qoʼshilmasligi, ikki davlat oʼrtasida vositachi rolini oʼynashi ham АQSh koʼrsatmalari asosida olib borilayotgani aniq. Yevropa davlatlari oʼz xavfsizliklarini oʼylagan holda istasa-istamasa Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qoʼshilishga majbur boʼlishdi va Ukrainani qurollantirish yoʼlida harakat qilishmoqda. Britaniya, Frantsiya, Gemaniya bu karvonda yetakchilik qilishmoqda. Shu oʼrinda Rossiya bilan muzokaralar uchun maydoncha qoldirish zarur edi va bu vazifa Erdoʼgʼan zimmasiga yuklatildi.
“The Washington Post” nashrining yozishicha, 5-avgust kuni Sochi shahrida boʼlib oʼtgan Putin va Erdoʼgʼan oʼrtasidagi uchrashuvda Putin Erdoʼgʼanga Turkiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari, neft terminallari va suv omborlaridagi aktsiyalarni sotib olishga ruxsat berishni taklif qilgan. Rossiya tomoni, shuningdek, Turkiyadan sanoat kompaniyalarining erkin iqtisodiy zonalardan tashqarida faoliyat yuritishiga ruxsat berishni hamda Turkiyaning bir qancha davlat banklaridan Rossiya banklari uchun vakillik hisob raqamlarini ochishni soʼragan. Аgar Turkiya ushbu takliflarga rozi boʼladigan boʼlsa, Rossiya sanktsiyalarni aylanib oʼtishi va urush sababli iqtisodiga keladigan zararni kamaytirish imkoniga ega boʼladi.
Tabiiyki, Turkiya bunga Аmerika bilan maslahatlashmay turib rozi boʼlmaydi.

Аbdurahmon Odilov

Izohlar yo'q