Xitoy chegarani to‘liq ochish uchun Qirg‘izistonga shart qo‘ydi
Xitoy Qirg‘iziston bilan chegara orqali yuk tashishni ko‘paytirish uchun o‘z talablarini qo‘ydi. Bu haqda 4-noyabr kuni Davlat bojxona xizmatidagi tadbirkorlar uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda Davlat bojxona xizmati raisi Qodirjon Semeteev, iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Eldor Alisherov, hukumatning Norin viloyatidagi vakolatli vakilining birinchi o‘rinbosari va Davlat chegara xizmati vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, qirg‘iz tomoni Xitoyga yuk tashish hajmini ko‘paytirishni so‘rab murojaat qilgan. Iltimosga javoban Xitoy tomoni yuk hajmini oshirish uchun quyidagi talablarni ilgari surgan:
– tarnsport vositalari va tirkamalarining sanitariya-texnik holatini saqlash;
– buzilgan eski transport avtoulovlarni tashishining oldini olish;
– yuk olib o‘tishda transport vositalarining texnik qoidalarga muvofiqligini hisobga olish;
– Qirg‘izistondagi Xitoy kompaniyalarining xavfsizligini ta’minlash.
Davlat bojxona xizmatining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston ushbu talablarni bajarishga harakat qiladi va Xitoy bilan muzokaralarni davom ettiradi.
Izoh: Qirg‘izistondagi navbatdagi davlat to‘ntarishidan so‘ng vujudga kelgan siyosiy va iqtisodiy inqirozdan foydalanib turli davlat va tashkilotlari Qirg‘izistonga o‘z talablarini qo‘yishni boshlashdi. Avval rus hukumati mamlakatdagi siyosiy vaziyat izga tushgunga qadar 100 million dollarlik yordam ko‘rsatilishi noma’lum muddatga kechiktirilishini ma’lum qilgan edi. Rus hukumatining bu qarorini qirg‘iz hukumatini parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tishini tezlashtirishga undash sifatida qabul qilish mumkin. Chunki, Qirg‘izistondagi parlament boshqaruvi boshidanoq Rossiyani qanoatlantirgan emas. Uning uchun Qirg‘izistonda qattiqqo‘l prezident boshqaruv tizimi bo‘lishi manfaatli.
Rossiya ortidan Evropa Ittifoqi ham raqamlashtirish uchun ajratilishi mo‘ljallangan 6 million evro ajratilishi 2021-yilga qoldirilganini xabar qildi. Bu esa Qirg‘izistonda parlament boshqaruvini saqlab qolish zarurligiga berilgan “signal” edi.
Endi esa, Xitoy hukumati chegaralarni to‘liq ochish uchun shart qo‘ydi. Bu shartlardan eng asosiysi Qirg‘izistondagi Xitoy kompaniyalari xavsizligini ta’minlashdan iborat. Ma’lumki, 2018-yili Qirg‘izistonda Xitoy kompaniyalariga qarshi kayfiyat vujudga kelib, mahalliy aholi xanlar ishlatayotgan konlarni to‘xtatilishini, xitoylik fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishlarini talab qilishdi. Chunki, Qirg‘iziston hukumati Xitoy sarmoyadorlari va ishchilariga keng huquq va imkoniyatlar berishi ortidan xitoylik ishchilar mahalliy aholiga nisbatan bosimlar o‘tkazib, ular bilan tuzilgan kelishuvlarga rioya qilmay go‘yoki ulardan xuddi qul qabi foydalanish yo‘liga o‘tib olgan edi. Hatto xitoylik bir sarmoyador o‘z korxonasidagi mahalliy qirg‘iz ishchilarini tushlik vaqtida ovqatni tik turib eyishga majburlab, ularga qarshi kuch ishlatdi. Bishkekdagi restoranlardan birida xitoy fuqarosi o‘zini nojo‘ya tutgani sababli tanbeh bergan qirg‘iz ayollarini haqorat qilib, “men deputatga qo‘ng‘iroq qilaman” deya tahdid qilishgacha borib etgandi…
Mamlakatda keng quloch yoygan Xitoy kompaniyalari va fuqarolariga qarshi nafrat kayfiyati sababli o‘sha yili Xitoy hukumati Qirg‘izistondagi kompaniyalar xavfsizligini o‘zi ta’minlash masalasini ko‘targan edi. Bu esa Qirg‘izistonga xitoylik harbiylar kirib kelishini anglatar edi. Biroq, mamlakatdagi fuqarolarning norozilik kayfiyati rasmiy hukumatni bunga ruxsat berishdan to‘sgan edi. Bugunga kelib, mamlakatda vujudga kelgan siyosiy va iqtisodiy inqirozdan foydalanib qolmoqchi bo‘layotgan Xitoy hukumati yana shu talabini qayta qo‘ymoqda. Agar biz musulmonlar hukumatning Xitoy va boshqa mustamlakachi davlatlar bilan tuzayotgan shartnomalarni ziyraklik bilan kuzatib borib, o‘z vaqtida muhosaba qilib to‘xtatib qolmasak, rasmiy hukumat Xitoy va boshqa xorijiy kompaniyalar xavfsiziligini ta’minlash bahonasi bilan shu davlat harbiy qo‘riqchilarini mamlakatga kirib kelishiga rozi bo‘lishi mumkin. Bu esa Qirg‘iizstonda yana bir harbiy baza paydo bo‘lishiga va harbiy mustamlaka uchun yo‘l ochilishiga olib keladi.
Abdurahmon Odilov