Misr rejimi giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosini hamda fohishabozlikni qonuniylashtirmoqda

0
379

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Misr rejimi giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosini hamda fohishabozlikni qonuniylashtirmoqda

Ustoz Homid Abdulaziz qalamiga mansub

Yaqinda Misr soliq idorasining ma’muriyat rahbari Said Fuod ilgari kuzatilmagan qarorni qabul qildi. Unda giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ bilan savdo qiluvchilar hamda fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchilar hibsga olinsa, ularga daromad solig‘i to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash aytiladi. Bu hukumat rasmiysi ushbu qonunning qanday qo‘llanishini faxr bilan quyidagicha tushuntirdi: «Agar noqonuniy savdo bilan shug‘ullangan shaxs ma’lum muddat davomida shunday savdo bilan shug‘ullanganini tan olsa javobgarlikka tortiladi va bu javobgarlik, unga o‘sha muddatda qilgan savdosi uchun soliq solish bilan amalga oshiriladi». Hatto janob Said Fuod «Biz o‘sha noqonuniy savdo bilan shug‘ullangan savdogar bilan qancha savdo qilganini muhokama qilamiz va shunga binoan unga soliq qiymatini belgilaymiz», dedi.

Mana shuning o‘zi giyohvand moddalar va qurol-yarog‘lar bilan savdo qilishni va fohishabozlik bilan shug‘ullanishni qonuniylashtirish hisoblanadi, garchi rejim buning aksini da’vo qilsa ham. Bu bilan rejim noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchilarga zimdan – davlat sizlarning bu ishlaringizga rozi, degan narsani bermoqda. Maqsadi esa, davlatning tobora murakkablashib borayotgan byudjetidagi kamomadni milliardlab dollar miqdoridagi soliqlar orqali tiklash. 

Bugun Misr rejimi mablag‘ga muhtoj bo‘lib, davlat kirimlarini noqonuniy molga soliq solish orqali ko‘paytirib olmoqchi bo‘layotgan ekan, bu qabul qilib bo‘lmas oqlovdir. Chunki qonun rejimga noqonuniy mablag‘ning hammasini musodara qilishni buyuradi, ularning bir qismini soliq orqali undirib olishni emas. Demak qat’iy aytish mumkinki, bunday qadamni tashlashdan asl maqsad, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ bilan savdo qilishni hamda fohishabozlik bilan shug‘ullanishni qonuniylashtirishdan iborat. Rejim xuddi shunday qilmoqchi. Chunki bu rejim terroristik amaliyot sodir etish yoki terrorizmni moliyalashtirish ayblovi qo‘yilgan shaxslarning mablag‘larini musodara qilyapti, ularning kirimlariga soliq solayotgani yo‘q, xuddi giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ bilan savdo qiluvchilar va fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchilar kirimlariga soliq solgani kabi.

Bu rejimdan mana shunday qaror chiqishi ajablanarli hol emas. Chunki u Islom ahkomlaridan yiroq rejim bo‘libgina qolmay, balki Islomga qarshi kurashadigan va bir vaqtda, korruptsiyani va davlat mulkini talon-toroj qilishni qonuniylashtiradigan rejimdir. Rejim yurtdagi rahbarlarning hammasiga bitta nazarda qaraydi, ulardan qay birlari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha katta tajribaga ega, qay birlari boshqa sohada tajribaga ega, bu bilan qiziqmaydi. Uning qo‘llayotgan barcha echimlari soliq yig‘ishdan va har qanday yo‘l bilan mablag‘ undirishdan boshqa narsaga qaratilmagan. Modomiki, echimlari Ummat aqidasidan balqib chiqmagan ekan, demak, ularning muvaffaqiyatsiz echim bo‘lishi tabiiy.

Shubhasiz, ushbu noqonuniy molga soliq solish to‘g‘risidagi qaror Misrda Sisiy rejimi ostida kuzatilayotgan adashish va zalolatning oqibatidir, bundan boshqa narsa emas. Chunki Sisiy o‘zining davlat molini o‘marish ishini niqoblash uchun soxta investitsiya loyihalariga va sudxo‘rlik qarzlariga e’tibor qaratmoqda. Holbuki, ishlab chiqarishni bevosita yoki bilvosita oshirishga na bu loyihalar hissa qo‘shdi va na bu qarzlar. Ular na investitsiyani jalb qiluvchi infratuzilmani ta’minladi, na ishchilar malakasini oshirishni, na ta’limni yaxshilashni va na ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni kafolatladi. Aksincha, rejim Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Banki ko‘rsatmalarini bajarish orqali yurtni ham, fuqaroni ham kofir G‘arbga garov qilib berdi. O‘z o‘zini hurmat qiluvchi har qanday davlat bunday soliq loyihasini qabul qilmaydi, balki ularni faqat mafiya guruhlari qabul qilishi mumkin, xolos. Shuning uchun bu rejimning har qanday qadriyat, axloq va an’anani depsab o‘tayotganini ko‘rayotganimiz ajablanarli hol emas. Bu hukmron elitaning jinoyatkorlar va noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanuvchilarga qonuniylik tusini berishda ustasi farang bo‘lib ketganiga guvoh bo‘layotganimiz ham g‘ayritabiiy emas, chunki ular uchun muhimi – o‘zlarining tili bilan aytganda – «o‘lpon» to‘lashsa bas.

Qonun ishlab chiqish va uni ijro etish darajasida rejim sodir etayotgan ishlarning hamda kelajakda guvohi bo‘ladiganimiz ishlarning barchasi uning buyuk shariatimiz ahkomlaridan uzoqlashganligi va badbo‘y kapitalistik tuzumni qabul qilganligi oqibatidir. Bundan tashqari, ular hatto mustabidlik, korruptsiya va tobelikdan iborat uch illatni ham qabul qilishdi. Mana shu kapitalizm bilan uchala illat hamma yomonliklarning ildizidirki, Kinona ahli bu ildizni va undan o‘sib chiqqan basharalarni qo‘porib tashlashga jiddiy harakat qilmog‘i darkor. Bugungi kunda bu rejimning mablag‘ qidirayotganligi, o‘zining likillab qolgan hokimiyat kursisini saqlab qolish uchun bu mablag‘ni qaerdan va qanday yo‘l bilan bilan bo‘lmasin, hatto noqonuniy yo‘l bilan bo‘lsa ham topishga tirishayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa, qarshimizda jinoyatchilar to‘dasi yoki yarimtaki davlat (Sisiyning o‘zi hukmron rejimini shunday deb atagan) turganini isbotlamoqda. Zero, Sisiyning dardi yotganda ham, turganda ham pul bo‘lib qolgan. Uning o‘zi yuz milliard dollarni topib, «bir chetga qo‘yib qo‘yish»ga orzu qilayotganini ma’lum qildi! Haqiqatdan ham «Yashasin Misr fondi»ni ochib, u orqali tadbirkorlarga majburan soliq solmoqda, ularning loyihalari ham, yurt iqtisodi ham tang ahvoldaligini e’tiborga olmayapti. Ayniqsa, Sisiy ochgan «Misr suveren fondi» birorta ham moliyaviy operatsiya o‘tkazilmaydigan va parlament ham nazorat qilolmaydigan fond bo‘lib, uning asosiy maqsadi to‘planib ketgan qarzlarni to‘lash uchun davlat aktivlarini sotishdan iborat. Holbuki, bu qarzlarga rejim sababchi bo‘layotgan bo‘lsa, uni to‘lash bechora xalq boshiga tushmoqda.

Sisiy rejimining o‘zining ochko‘z fondlarini mablag‘ga to‘ldirish niyatida giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi va fohishabozlik uchun soliq solish ishi birinchi ish bo‘lib qolgani yo‘q. Balki u qonunlaru qarorlar chiqarish orqali odamlar elkasiga yangi-yangi to‘lovlar va turli tuman soliqlarni yuklamoqda, Misrning koronavirus pandemiyasi tufayli boshdan kechirayotgan og‘ir vaziyatlarni hisobga olmayapti.

Biz bu rejimni musulmon yurtlaridagi boshqa kufr va zulm rejimlari qatori o‘z muomalalarida halol-haromga rioya qilmasligini bilamiz. Ammo u bular bilangina kifoyalanmayapti, balki «terrorizmga qarshi kurash» niqobi ostida Islom va uning ahkomlariga hujum qilish uchun har qanday chegaradan o‘tib ketdi. Hatto odamlar qonini ichib, hurmatlarini toptayapti, o‘ziga muxolif bo‘lganlarni qamoqlarga tashlayapti… Alloh hech qanday hujjat tushirmagan harom qilmishlarini halol qilib berishlari uchun Azhardagi fatvochi shayxlardan yordam olyapti!

Shularning barchasiga qaramay, biz Sisiyning har bir xatti-harakati to‘g‘risida shar’iy hukmni bayon qilishdan hargiz to‘xtamaymiz. Toki, odamlar bunday rejimga sukut qilish mumkin emasligini anglasinlar. Shuningdek, bunday zolim rejimni ildizi bilan qo‘porib tashlab, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatida barpo etish uchun xolis jiddiy harakat qilish lozimligini tushunib etsinlar.

Roya gazetasi saytidan olindi

Izohlar yo'q