Mirziyoyev tashqi siyosat va “Tolibon” bilan muzokaralar haqida gapirdi
Oʻzbekiston 2019 yilda MDHga aʼzo davlatlar, birinchi navbatda, Rossiya, shuningdek, Xitoy, AQSH, YEI mamlakatlari, Janubiy Koreya va Yaponiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib boradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 28-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida aytildi.
“Biz oʻzaro mushtarak tarixiy, maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlangan musulmon davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor beramiz. Xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni barcha sohalarda amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz. Biz uchun tashqi siyosatimizda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan aniq va ravshan strategiyaga tayanamiz. Bu borada Oʻzbekiston mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron bilan amaliy va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishni ustuvor vazifa deb biladi”, – dedi davlat rahbari.
Uning soʻzlariga koʻra, ushbu strategiyani amalga oshirishda qoʻshni Afgʻoniston muhim oʻrin egallaydi.
“Biz xalqaro hamjamiyatni Afgʻoniston hukumati rahbarligida tinchlik muzokaralarini boshlash zaruriyatini qoʻllab-quvvatlashga daʼvat etdik. 2018 yilning mart oyida Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi zamonaviy Afgʻoniston tarixida xalqaro miqyosda keng qamrovli anjuman boʻlganini alohida taʼkidlash lozim. Shu konferensiyadan soʻng Afgʻonistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan, “Tolibon” harakati ishtirokida muzokaralar jarayonini boshlashga qaratilgan xalqaro harakatlar yanada faollashdi. Oʻzbekiston “Tolibon” harakati vakillari bilan bir qator muhim muzokaralar oʻtkazdi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.